30-avgust – “Mehnat shuhrati” ordeni taʼsis etilgan kun. Yuksak eʼtirof va cheksiz iftixor ramzi

Mamlakatimizda yurtga sadoqat bilan xizmat qilayotgan insonlarni ulugʻlash, oʻz salohiyati, isteʼdodi bilan Vatanimiz ravnaqiga, uning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori yuksalishiga katta hissa qoʻshayotgan yurtdoshlarimizning mehnatiga munosib baho berish doimiy eʼtiborda.
1995-yil 30-avgustda taʼsis etilgan “Mehnat shuhrati” ordeni ana shunday ezgu va ulugʻ ishlar – Vatanimizning nufuzini yanada oshirish yoʻlida tinimsiz mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimiz samarali va barakali mehnatining amaldagi eʼtirofi boʻlib xizmat qilayotir.
“Mehnat shuhrati” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari iqtisodiyot va madaniyat yuksalishiga, xalq farovonligi oshishiga, tinchlik va barqarorlik saqlanishiga xizmat qiladigan ulkan ishlari uchun mukofotlanadilar. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan taraqqiyotning yangi bosqichida bunday insonlar safi yanada kengaydi.
Orden 0,25 mikron qalinlikda tilla qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlangan. Orden markaz qismidan nurlar taralib turgan yashil dafna novdalari bilan oʻralgan boʻrtma notoʻtri ellips shaklidadir. Uning balandligi 46 millimetr, kengligi 41 millimetr hisoblanadi. Ordenning yuqori qismida Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi magʻrur hilpirab turibdi. Ordenning markaziy qismida 16 millimetrlik doira ichida kumushrang Toshkent shahridagi “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi tasvirlangan. Doira paxta shaklidagi qutichalar bilan oʻralgan. Qutichalar oq emal bilan toʻldirilgan. Pastki qismda 2 millimetr oʻlchamdagi kumush harflar bilan qizil fonda “MEHNAT SHUHRATI” deb yozilgan.
Hozirgacha turli sohalarda samarali mehnat qilgan bir qator yurtdoshlarimiz ushbu orden bilan taqdirlangan.
Elni suygan elda aziz, deydi xalqimiz. Azaldan ota-bobolarimiz el-yurti uchun jon koyitgan, uning yuksalishiga ulush qoʻshgan, ozodlik, tinchlik uchun kurashgan insonlarni alohida eʼzozlab, qadrlab kelgan. Oramizda shunday insonlar borki, ular qalbida Vatanni sevish hissi yanada chuqur aks etgan. Bunday odamlar yurt gʻamini yeb, el dardi-tashvishi bilan yashaydi. Ular xoh oʻqituvchi, xoh shifokor, xoh oddiy ishchi, xoh ijodkor boʻlsin betinim mehnat qilmoqda, mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida bor kuchi, iqtidorini sarflamoqda.
“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Gʻulomjon Hakimov saxovatpesha va jamoa manfaati yoʻlida jonkuyarligi bilan koʻpchilikning eʼtirofiga sazovor boʻlgan fidoyilardan. Gʻ.Hakimov mehnat faoliyatini 1984-yilda “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida boshlagan. Shundan soʻng turli lavozimlarda ishlab keldi. Qahramonimiz faolligi, jamoatchilik bilan ishlash qobiliyati sabab, 2002-yilda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi etib saylandi. Hozirgacha sohada samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Davlatimiz mustaqilligining 25 yilligi arafasida Gʻulomjon Hakimovning kompaniya tizimida qilgan ishlari munosib eʼtirof etilib “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
– Daraxt bir joyda koʻkaradi, degan naql bor xalqimizda, – deydi u. – Bir necha yillardan buyon shu sohada faoliyat yurityapman. Tanlagan kasbimdan baraka topyapman. Oilam xotirjam, ustim but, eng asosiysi, yurtimiz tinch va farovon. Bundan ortiq baxt yoʻq menga. Bu yuksak mukofot nafaqat menga, balki kompaniya jamoasiga berilgan eʼtirof deb bilaman. Chunki jamoadoshlarim bilan yelkama-yelka turib mehnat qilib, bilmaganimni soʻrab, bilganimni oʻrgatib shu darajaga yetdim. Davlatimizning porloq kelajagiga bor kuch-gʻayratim va tajribam bilan hissa qoʻshish eng oliy maqsadim.

 

N. Nasriyev, OʻzA