Samimiy qutlovlar

Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilab, ezgu istaklar izhor etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident, aziz qardoshim!

Oʻzbekistonning Milliy kuni munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini va butun oʻzbek xalqini shaxsan oʻz nomimdan va xalqim nomidan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Qardoshimiz va doʻstimiz deb bilganimiz Oʻzbekistonning Siz, aziz qardoshimning oqilona va uzoqni koʻzlab yuritayotgan siyosati tufayli erishayotgan yutuqlarini butun dunyo kabi biz ham yuqori baholagan holda kuzatyapmiz. Oʻzbekistonning yanada gullab-yashnashi yoʻlida gʻayrat va fidokorlik bilan qilayotgan saʼy-harakatlaringizni bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashda davom etamiz.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mustahkam hamkorlik va strategik sheriklik birgalikdagi saʼy-harakatimiz bilan xalqlarimiz manfaati yoʻlida yanada kuchayishiga ishonchim komil. Sizning oqilona rahnamoligingizda doʻst va qardosh Oʻzbekiston qoʻlga kiritayotgan ulkan yutuqlarga shohid boʻlayotganimdan baxtiyorman.

Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston bilan munosabatlarimiz kelgusida yanada rivojlanishiga ishonchimni tasdiqlagan holda, Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qardosh oʻzbek xalqiga omonlik va farovonlik tilab qolaman.

Rejep Tayyip ERDOʻGʻON,
 
Turkiya Respublikasi Prezidenti

 

***

59e56ac4-f419-df0a-f779-849c76230c69.jpg
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Qadrli Shavkat Miromonovich!

Tojikiston xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizni va Siz orqali butun qardosh Oʻzbekiston xalqini Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etish va eng ezgu tilaklarimni bildirish menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Siz uzoqni koʻzlab yuritayotgan siyosat hamda mamlakat hayotining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalaridagi muhim yangilanishlar bugun oʻz samaralarini berib, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi obroʻsini muttasil yuksaltirmoqda.

Ushbu muvaffaqiyatlar yaqin qoʻshni sifatida Oʻzbekiston bilan koʻplab doʻstlik rishtalari orqali bogʻlangan Tojikistonni ham quvontirmoqda.

Xalqlarimizni madaniy-maʼnaviy yaqinlik, oʻzaro manfaatlarni hurmat qilish, tinch va totuv yashashga intilish, koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan bebaho tajriba bogʻlab turadi.

Oʻzbekiston bilan munosabatlar Tojikiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi.

Biz Tojikiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikning ezgu va konstruktiv muhitidan, shuningdek, hamkorligimiz xalqlarimiz va butun mintaqaning tub manfaatlari yoʻlida izchil rivojlanib borayotganidan gʻoyat mamnunmiz.

Biz, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizning bu yoʻldagi shaxsiy hissangizni yuksak qadrlaymiz.

Yaqinda goʻzal mamlakatingizga davlat tashrifi davomida Siz bilan boʻlib oʻtgan samarali uchrashuvlarimizni, tarixiy hujjat – Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolaganimizni alohida mamnuniyat bilan yodga olaman.

Ishonchim komil, ushbu tashrif doirasida imzolangan hujjatlar, shuningdek, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida qator keng miqyosli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlarning roʻyobga chiqishi mamlakatlarimizning uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan samarali hamkorligiga yangi va kuchli surʼat bagʻishlaydi.

Fursatdan foydalanib, bundan buyon ham Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik anʼanalari va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichda rivojlantirishga barcha kuchlarni yoʻnaltirishga tayyor ekanimni bildiraman.

Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar bundan buyon ham Tojikiston va Oʻzbekiston xalqlari farovonligi yoʻlida yanada mustahkamlanib borishiga ishonaman.

Ushbu qutlugʻ bayram kunlarida Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, mamlakat ravnaqi yoʻlidagi rejalaringiz va intilishlaringiz roʻyobida katta zafarlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik, baxt-saodat va farovonlik tilashga ijozat bergaysiz.

Hurmat bilan,
 
Emomali RAHMON,
 
Tojikiston Respublikasi Prezidenti

 

***

Shuningdek, quyidagilar oʻz tabriklarini yoʻllagan:

Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yoqub

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon

Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli Kuchlari Oliy bosh Qoʻmondoni oʻrinbosari shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vazirining oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon

Falastin Davlati Prezidenti, Falastin Ozodlik tashkiloti Ijroiya qoʻmitasi raisi Mahmud Abbos

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.