Prezidentimiz Bekobod tumanidagi “Yusupov Gʻofurjon fayz” fermer xoʻjaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yangi dehqonchilik tizimiga mos, tuproq unumdorligini oshiradigan va ekinlardan yuqori hosil olishni taʼminlaydigan ekish tizimlari joriy etilmoqda. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini belgilangan meʼyorlar asosida sugʻorish, oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi samarali kurashish, urugʻ va resurslar sarfini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Gʻallachilik va paxtachilikning sifat koʻrsatkichlarini yaxshilash yoʻnalishidagi seleksiya va urugʻchilik ishlarini takomillashtirish choralari koʻrilayotir.
Paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan mazkur fermer xoʻjaligining umumiy yer maydoni 78,6 gektarni tashkil etadi. Joriy yilda xoʻjalik rahbari Gʻofurjon Yusupov 31,1 gektar maydonga gʻalla ekib, gektaridan 71 sentnerdan oshirib hosil oldi. Sof foyda 80 million soʻm. Ayni paytada 47,5 gektar yer maydonida gʻoʻza ekilgan. Bundan ham 35 sentnerdan oshirib hosil olish moʻljallanmoqda.
Hozirda fermer eksportyor tashkilotlar bilan 13,5 tonna mosh, 7,5 tonna fasol, ichki bozorga 60 tonna kartoshka va 45 tonna sabzi sotish boʻyicha shartnoma tuzgan. Buning uchun gʻalladan boʻshagan yer maydonlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ekib, parvarishlayotir. Xoʻjalikda mehnat qilayotgan 35 nafar ishchi manfaatdorligini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Davlatimiz rahbari fermer xoʻjaligi dala shiyponida viloyat fermerlari bilan muloqot oʻtkazdi.
Mamlakatimizning asosiy daromadi qishloq xoʻjaligidan. Istiqbolli, serhosil paxta navlarini yaratish, gʻoʻzani qoʻshqator ekish fermer daromadini koʻpaytiradi. Fermer dalaga chiqdimi, mehnati samarasidan uy, mashina olsin, farzandlarini oʻqishga kirgizsin, uylantirsin, dedi Prezidentimiz.
Koʻptarmoqli fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish, bu boʻyicha xorij tajribasini oʻrganish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Umar Asrorov, OʻzA