Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi keng nishonlanayotgan ayni kunlarda turli sohalarda faollik koʻrsatayotgan yurtdoshlarimiz singari ijod ahli ham munosib ragʻbatlantirilmoqda.
Ana shunday eʼtibor va eʼtirofga yoʻgʻrilgan loyihalardan biri “Eng ulugʻ, eng aziz” anʼanaviy koʻrik-tanlovidir. Tanlovda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA fotomuxbiri Oqil Gʻulomovning ijodiy ishlariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
O.Gʻulomovning “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” degan ezgu gʻoyani oʻzida mujassam etgan, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturining maʼno-mazmuniga muvofiq yaratilgan ijodiy ishlari “Tasviriy sanʼat, foto asarlari va dizayn ishlari” yoʻnalishida 3-oʻringa loyiq koʻrildi.
Ijodkorlar tanlovda davlatimiz va jamiyatimiz qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyish, inson manfaatlarini taʼminlash, tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarning mazmun-mohiyatini hayotiy misollar orqali ochib beruvchi ijodiy asarlari bilan ishtirok etdi.
Mazkur yoʻnalishda uch yuz ellikdan ortiq ijodiy ishlar saralandi. Munosiblar ragʻbatlantirildi. Zero, ragʻbat izlanishga undaydi.
O’zA