Bu shior Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA yetakchi muharriri Sayyora Shoyevaning erishgan yutuqlarida namoyon.
Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida “Eng ulugʻ, eng aziz” anʼanaviy tanlovi gʻoliblari eʼlon qilindi. Ijodi ragʻbatlantirilganlar orasida hamkasabamiz S.Shoyeva ham bor.
Bu yilgi koʻrik-tanlovda “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” degan ezgu gʻoyani oʻzida mujassam etgan ijodiy asarlar saralandi.
Sayyora Shoyeva “Samarqandga qancha baliq kerak?”, “Dunyoda harakatsiz boy boʻlgan davlat ham, xonadon ham yoʻq”, “Tashlab ketilgan bolalar hayotidan reportaj”, “Nurafshon” shahar hokimi Usmon Rahimov: Samarqand va Buxorodagi milliy shakllardan foydalanamiz», “100 ming dollarga baholangan Xon maktubi”, “Oʻqituvchi boy boʻlsa, olim koʻpayadi, shifokor boyisa…”, “Jamiyat eʼtiboridan chetda qolayotgan odamlar”, “EKSKLYUZIV: Arab shayxi Oʻzbekistonga milliardlab dollar miqdorida sarmoya kiritmoqchi” kabi ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi tahliliy-tanqidiy maqolalari uchun “Internet jurnalistikasi” yoʻnalishida 2-oʻrinni egalladi.
Mazkur tanlov Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida oʻtkazildi.
Tanlovning internet jurnalistikasi yoʻnalishiga uch yuzga yaqin ijodiy ishlar taqdim etilgan.
Shuningdek, tanlovga topshirilgan ijodiy ishlar 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturining maʼno-mazmuniga muvofiq yaratilgan, davlatimiz va jamiyatimiz qurilishi tizimini takomillashtirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni yoritib berishga xizmat qilgan asarlar tanlab olindi.
F.Abdurasulov (surat), OʻzA