VASHINGTON. Uzoq yillar davomida AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida muhim rol oʻynab kelgan Daniyel Rozenblum yaqin orada Toshkentda yangi elchi sifatida ish boshlashi kutilmoqda. 23-avgust kuni u AQSH Senati qoshida soʻzlab, oʻz maqsadlarini tushuntirdi. Endi u Senat tasdigʻidan oʻtishi kerak.
Navbahor Imomova,
“Amerika ovozi” – OʻzA
“Butunlay severen Oʻzbekiston kim bilan qanday hamkorlik qilishni erkin tanlay olishi Amerika manfaatlari uchun xizmat qiladi”, – dedi Rozenblum qonunchilar oldida soʻzlar ekan.
Uning fikricha, erkinlik va qonun ustuvorligi Oʻzbekistonni yorqin kelajak tomon yetaklovchi eng muhim omillardir.
Respublikada Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida keng qamrovli islohotlar boshlangan. Ularning ijobiy natijalar berishi uchun AQSH oʻz hissasini qoʻshishi, Oʻzbekiston xalqini yaqindan quvvatlashi kerak, dedi arbob.
“Elchilikka tayinlansam, AQSH Senatining Tashqi aloqalar boʻyicha qoʻmitasi bilan ishlab, AQSH manfaatlarini targʻib qilaman”, – dedi Rozenblum.
Xoʻsh, diplomat nimalarni koʻzlamoqda?
1. Afgʻonistonda tinchlikni taʻminlash, mintaqa xavfsizligini himoya qilish, xalqaro muammolarga qarshi kurashda faollik koʻrsatish.
2. Oʻzbekistonda islohotlar jadallashishi yoʻlida harakat qilish. Hozirgiga qaraganda koʻproq madad koʻrsatish, barcha jabhalarda.
3. Amerika xususiy sektorini jalb etib, investitsiya qilish uchun zarur sharoit yaratilishida koʻmaklashish.
4. Inson huquqlari va erkinlikni targʻib qilish. Ijobiy oʻzgarishlarni olqishlab, kamchilik va muammolarni konstruktiv tarzda tanqid qilib, tizim yaxshilanishiga hissa qoʻshish.
5. Ikki xalqni yaqinlashtirish – turli almashinuv dasturlari, madaniy va ilmiy programmalar orqali yoshlarga imkoniyatlar yaratish, hamjihatlik va oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash.
Rozenblum 2014 yildan beri AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan diplomatiyasiga bosh-qosh edi. Ungacha Davlat departamentida turli boshqa lavozimlarda ham mintaqa, xususan, Oʻzbekiston bilan ishlagan.
Kasaba uyushmalari va mehnat huquqlari boʻyicha ham tajriba ega, chunki bu yoʻnalishlarda ham xizmat qilgan.
Rozenblum AQSHning nufuzli Yel va Jons Hopkins universitetlarini bitirgan. Ohayo shtatidan ziyoli oilasidan chiqqan. Oilali, ikki farzandi bor.
Bu Rozenblumning birinchi elchilik lavozimi boʻladi. Senatorlar uni savolga tutar ekan, Afgʻoniston yuzasidan Oʻzbekiston bilan hamkorlik naqadar muhim ekaniga urgʻu berildi.
Demokrat senator Jin Shahin Oʻzbekiston oʻzgarayotgani, “ochilayotgani biz uchun juda ijobiy xabar va bundan bagʻoyat mamnunmiz”, – dedi.
Boshqa senatorlar ham oʻxshash fikrda. Oʻzbekiston – AQSH aloqalari mustahkam boʻlishi kerak, bugungacha erishilgan yutuqlarni boy bermaslik lozim, yangi elchidan bir tomondan hamkorlikni yanada kuchaytirish, ikkinchi tomondan esa AQSH uchun muhim qadriyat va maqsadlarni olgʻa surish kutiladi.
Rozenblum deydiki, u zimmasidagi vazifani yaxshi tushunadi va tasdiqlangan taqdirda Toshkentga ezgu niyatlar va chuqur ishonch bilan boradi.
Vashington siyosiy doiralari Rozenblumning Oʻzbekistonga elchi sifatida ketayotganidan xursand. Toshkentda ham munosabat ijobiy. Respublika rasmiylari oʻzlariga tanish odam elchi boʻlib kelayotganidan mamnun. Oʻzbekiston hukumatida Pamela Spratlen elchiligida oldinga qoʻyilgan ulkan qadamlar davom etaveradi, degan umid bor.
OʻzA