Fanda farmakopeya dori vositalarini tayyorlash, sifatini nazorat qilish, saqlash shart-sharoitlari va nomlanishini belgilaydigan davlat standartlari majmui tushuniladi. Uning muhimligi shundaki dori moddalari va turlarini kimyoviy, fizik, biologik va boshqa usullarda sifat hamda miqdoriy tahlil qilish usullari, zaharli va kuchli ta’sir etadigan dorilari ro‘yxati, bolalar va kattalar uchun dori ichish me’yorlari, shuningdek, kunlik miqdorlari jadvali yoritiladi. Ushbu yo‘nalish farmatsevtika tarmog‘i uchun muhim sanaladi.
Xususan, bu yo‘nalishda Prezident Farmoni qabul qilinib, uning ijrosini ta’minlash maqsadida 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining birinchi jildi tasdiqlanib, amaliyotga joriy etildi. 2023 yilgacha bo‘lgan davrda davlat farmakopeyasining ikkinchi va uchinchi jildlari ishlab chiqildi va amaliyotga tadbiq etib kelinmoqda.
2024 yilda Farmakopeya markazining aloqador bo‘limlari ishtirokida davlat farmakopeyasining birinchi nashri, birinchi jildiga ilovalar ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Ushbu ilovalar Yevropa va AQSH farmakopeyalariga so‘nggi yillar davomida kiritilgan 51 nomdagi yangi farmakopeya monografiyalari bilan uyg‘unlashtirilgan maqolalarni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish jarayonida 10 dan ortiq yetakchi mamlakatlarning milliy va hududiy farmakopeyalari tahlil qilindi va mahalliy sharoitlar hisobga olinib, shakllantirildi.
Bugungi kunda Davlat farmakopeyasini ishlab chiqishda faol ishtirok etayotgan yuqori malakali mutaxassislarimiz Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xalqaro farmakopeya ekspert guruhi a’zoligiga kiritilgan. Shuningdek, AQSH farmakopeya konvensiyasining ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan ekspertlar qatorida ekanliklari quvonarlidir.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA