Yangi yil bayrami kunlarida respublika bo‘ylab elektr energiyasi ishlab chiqarish va uning uzluksiz ta’minoti to‘liq ta’minlandi. Zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, elektr tarmoqlarida uzluksiz nazorat o‘rnatish va mutaxassislarning jadal mehnati buning asosiy omili bo‘ldi.

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqarma boshlig‘i Firuza Turg‘unova ushbu jarayon haqida ma’lumot berdi: 

– Yangi yil bayrami kunlarida issiqlik elektr stansiyalarida 12 ming nafarga yaqin mutaxassis tunu kun mehnat qilib, yurtimizda elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoniga munosib hissa qo‘shdi.

Bayram kunlarida ham elektr energiyasini ishlab chiqarish barqarorligi ta’minlandi. 2024 yilning 30-31 dekabr va 2025 yilning 1 yanvar kunlari jami 668,1 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Shundan 571,2 million kilovatt soat elektr energiyasi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keldi. Elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun o‘tgan 3 sutkada 120,1 million metr kub tabiiy gaz va 42,2 ming tonna ko‘mir sarflandi.

Respublika bo‘ylab aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida tizim korxonalarida tunu kun ish tashkil etildi.

Barcha elektr stansiyalari va markazlarda navbatchilik asosida energiya qurilmalarining uzluksiz va barqaror ishlashini ta’minlovchi maxsus tezkor shtablar faoliyat yuritmoqda. Ushbu shtablarda 2 mingdan ortiq malakali mutaxassis va 112 ta maxsus texnika jalb qilingan. Qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 64 ta qurilmada reja asosida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

“Toshkent issiqlik markazi” korxonasining 10 ta issiqlik markazidagi 60 ta qozon agregatidan 15 tasida mukammal, 45 tasida joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu ishlar natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 291 megavattga, issiqlik ishlab chiqarish samaradorligi esa 235 tonna/soatga oshirildi.

Ayni paytda situatsion-tahliliy onlayn dispetcherlik markazi sutkasiga 24 soat ishlab, real vaqtda issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarish jarayonini nazorat qilyapti. Bunday choralar orqali mavsumni barqaror va betalafot o‘tkazish ta’minlanmoqda.

N.Ziyodullayeva, O‘zA