Mamlakatimizda uy-joyga bo‘lgan extiyoj sezilarli darajada ko‘tarilib bormoqda. Ipoteka kreditiga uy-joy olishda aholi mablag‘larini kafolatlash bo‘yicha eskrou tizimi joriy etilmoqda.
Ushbu tizim haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Jonibekova o‘z fikr-mulohazalarini birdirdi:
– Keyingi yillarda uy-joy qurilishi sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish borasida qator ishlar amalga oshirilyapti. Uy-joyga talab yuqoriligi natijasida uy-joy quruvchilar sektoriga gigant developerlar bilan birga o‘rta va kichik qurilish tashkilotlarini tuzayotgan tadbirkorlar ham shiddat bilan kirib keldi.
Ma’lumki, buyurtmachi loyiha doirasida yer xarid qilish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish hamda qurilish jarayonidagi yer ishlarini o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi. Shuningdek, tadbirkor uy-joy qurish uchun maxsus qurilish texnikasini ishlatadi, ishchilar maoshiga xarajat qiladi, davlatga majburiy yig‘im va soliqlarni to‘laydi, xarajatlari uchun bankdan olgan kreditlari uchun foizlarni qaytaradi. Natijada uy-joylar narxida doimiy ko‘tarilish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Qurilish tashkilotlari uy-joyning tannarxini pasaytirish maqsadida nafaqat o‘z mablag‘lari, balki xaridor bo‘layotgan insonning mablag‘larini jalb qilishni taklif qiladi. Shu sababli ko‘pchilik insonlar yangi uy-joylarni xarid qilishda hali qurilishi bitmagan uy-joyning faqat bir qismini qurilish tashkilotiga oldindan to‘lab, qolgan qismini asta-sekin mablag‘ yig‘ib, uy bitgunicha to‘lashni reja qiladi.
Biroq, to‘lov tizimining tartibga solinmagani, raqamlashtirish va ochiqlikning yo‘qligi ayrim holatlarda quruvchi kompaniyalar tomonidan xaridorlarning aldanib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, yangi uy-joylarni xarid qilmoqchi bo‘lgan xaridorlar pulini bank orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchiga berayotgani ushbu mablag‘lar “soya”da qolishiga olib kelmoqda.
Aholi yangi uyga to‘lagan mablag‘lar bo‘yicha ulushdorlik shartnomalari hech qayerda ro‘yxatga olinmaganligi sababli ham insofsiz quruvchi tashkilot tomonidan uy-joy qurilishi muddatlarini cho‘zish, qurilish ob’ektini jiddiy kamchiliklari bilan xaridorga majburiy topshirish yoki umuman uy-joy taqdim etmaslik va xaridorga to‘langan mablag‘larni qaytarmaslik kabi salbiy holatlari ko‘payyapti. Bu esa, o‘z navbatida, barcha qurilish kompaniyalar imidjiga putur yetkazmoqda va fuqarolarning barcha qurilish tashkilotlariga ishonchsizligini kuchaytirishga zamin yaratmoqda.
Uy-joy qurilishi sohasidagi yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf etish maqsadida mamlakatimizda aholi mablag‘larini kafolatlash tizimi (eskrou tizimi)ni joriy etish taklifi ilgari surilmoqda.
2024 yil 23 sentyabr kuni mamlakatimiz rahbari tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralarga eskrou tizimini kiritish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan edi. Bugungi kunda ushbu vazifani bajarish maqsadida eksrou tizimining afzal va salbiy tomonlari o‘rganilib, ko‘chmas mulk uchun hisob-kitoblar bankdagi eskrou (Escrow) hisobvarag‘i orqali amalga oshiriladigan tizim yordamida uy-joy qurilishi sohasida insofsiz biznes qilayotganlarga imkoniyat qoldirmasligi aniqlandi.
Eskrou hisob — bu ko‘chmas mulk xaridorini himoya qilishni ta’minlovchi maxsus bank tizimidir. Mazkur tizimga ko‘ra, buyurtmachi va tijorat banklari o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan har bir qurilish inshooti bo‘yicha eskrou hisobvarag‘i ochiladi. Ko‘chmas mulki uchun kelishilgan mablag‘lar ushbu hisobvarag‘iga vaqtincha kiritiladi va qurilish tugab, uy foydalanishga topshirish vaqtigacha muzlatiladi. Faqat quruvchi xaridorga uyni to‘liq topshirgandan keyin eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘lar qurilish tashkiloti hisobiga o‘tkaziladi. Quruvchi o‘z majburiyatini bajarmagan taqdirda bu mablag‘ egasiga qaytarib beriladi.
Eskrou hisobvarag‘ida yig‘iladigan mablag‘lar asosida tijorat banklari buyurtmachiga pasaytirilgan foizda kredit taqdim etishi mumkin. E’tiborli jihati shundan iboratki, ushbu hisobvarag‘ida turgan mablag‘lar majburiy undiruvga qaratilmaydi.
Eskrou tizimi AQSH, Avstriya, Italiya, Latviya, Chexiya, Birlashgan Arab Amirligi, Rossiya Federatsiyasi mamlakatlarida joriy etilgan va muvaffaqqiyatli ishlab kelmoqda. Xorijiy mamlakatlardagi bu sohadagi tajriba tahlili hamda mutaxassislarning xulosalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu yangi tizim tomonlar o‘rtasidagi ishonchni ta’minlashga, har ikki tarafning manfaatlarini himoya qilishga hamda moliyaviy munosabatlarni xavfsiz va samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston esa bu sohada ilk qadamni bosmoqda. Eskrou hisobvaraqlari dastlab Samarqand shahri, Toshkent shahrining Sergeli va Yangihayot tumanlarida sinovdan o‘tkaziladi. Sinov natijalari asosida eskrou tizimining samaradorligi baholanadi, shuningdek, ko‘chmas mulk bozoriga ta’siri o‘rganiladi.
Albatta, yangi tizim to‘laqonli ishga tushirilishi uchun eskrou tizimi bo‘yicha pul topshirgan fuqarolarning tijorat banklarida mablag‘larini saqlanish tartibini ham ishlab chiqish lozim bo‘ladi. Shuningdek, tizimning kelgusi rivojlanishi uchun qo‘shimcha mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilishi zarur.
Umuman olganda, uy-joy qurilishi sohasida xaridorlar huquqlari kafolatlanishi bilan bog‘liq har qanday harakat diqqatga sazovor. O‘ylaymizki, qurilish sohasidagi bunday o‘zgarishlar mahalliy va xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytiradi. Natijada mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish sur’atlari yaxshilanib, fuqarolarimizning hayotini farovonlikka yetaklaydi.
Muhtarama Komilova tayyorladi, O‘zA