2025 yil 1 yanvardan qonunchilikda bir qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Xususan, barcha tibbiyot muassasalarida farmatsevtika mahsulotlari xaridi markazlashtirilgan tartibga o‘tkaziladi, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun to‘lovning yangi miqdorlari belgilanadi, bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi va boshqalar…

1 yanvardan milliy qonunchilikda quyidagi o‘zgarishlar kuchga kiradi:

Barcha tibbiyot muassasalarida farmatsevtika mahsulotlari xaridi markazlashtirilgan tartibga o‘tkaziladi

“Farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan bosqichma-bosqich barcha tibbiyot muassasalari tomonidan markazlashmagan tartibda xarid qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari xaridi markazlashtirilgan tartibga o‘tkaziladi.

Ayrim ta’lim tashkilotlari kommunal xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi

“Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish va ushbu jarayonga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish imkoniyatlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:

– nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan bozor foiz stavkalarida milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi;

– nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun binolarni yangidan qurgan yoki o‘zining bino va inshootlarida umumiy o‘rta ta’lim faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub’ektlariga 5 yil muddatga ushbu ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan kommunal xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;

– 2030 yil 1 yanvargacha yuridik shaxslarga o‘z mablag‘lari hisobidan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari binolarini qurish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning foyda solig‘ini hisoblashda 2 yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlash huquqi beriladi.

Statistika kuzatuvlarini amalga oshirishda OTMlar jalb qilinadi

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan statistika kuzatuvlarini amalga oshirish jarayoniga konsalting kompaniyalari, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari jalb etiladi.

Qurilish xarajatlarni baholashda hajm va sifat ko‘rsatkichlarini hisobga olishga o‘tiladi

“Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlarini samarali tashkil etishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va ob’ektlarni foydalanishga qabul qilishda qurilish xarajatlarni baholashning “hajm” uslubiga (hajm va sifat ko‘rsatkichlarini hisobga olishga) o‘tiladi.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun to‘lovning yangi miqdorlari belgilanadi

“Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi mikdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab amal qiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlari quyidagicha belgilanadi.

Bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi

“Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:

– internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi;

– lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (vakolatli organ) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiradi.

Shuningdek, 5 yil muddatga lotereya hamda internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi belgilanadi:

– lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatidan yoki bukmekerlik faoliyatidan olingan jami daromadidan to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4 foiz stavkasida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi;

– jismoniy shaxslarning litsenziyalar asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

Ayrim qurilishlar bo‘yicha texnik nazorat xizmatini ko‘rsatishga tadbirkorlar jalb qilinadi

“Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlarini samarali tashkil etishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari bo‘yicha texnik nazorat xizmatini ko‘rsatishga, tajriba tariqasida qurilish (ta’mirlash) ishlari yangidan boshlanadigan maktab, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida autsorsing asosida tadbirkorlarni jalb qilishga ruxsat beriladi.

Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi

“Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi.

“subsidiya.mf.uz” platformasida tadbirkorlarga beriladigan qo‘llab-quvvatlashlarning reyestri yuritiladi

“Tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, “subsidiya.mf.uz” platformasida tadbirkorlarga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini o‘z ichiga olgan alohida reyestr yuritiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi

“Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:

— jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etiladi;

— jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritiladi;

— jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibi belgilandi;

— tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi;

— tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi takomillashtiriladi

“Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini kasbiy rivojlantirishning quyidagi tartibi joriy etiladi, jumladan:

— maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini kasbiy ehtiyojlari va malaka toifasidan kelib chiqib tabaqalashgan ta’lim dasturlari asosida uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi (vazirlik – malaka oshirish muassasasi – ta’lim tashkiloti) yo‘lga qo‘yiladi;

— maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining xodimlari uchun 5 yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslari joriy qilinadi.

Shuningdek, pedagog va mutaxassis kadrlar kasbiy rivojlanishining uzluksizligini ta’minlash maqsadida barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida malaka oshirishning “Kasbiy rivojlanish soati”, tayanch umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida esa, shuningdek, “Kasbiy rivojlanish kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

“Xavflarni boshqarish” qo‘mitalari tuziladi

“Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlarda ularning birinchi rahbarlari boshchiligida kollegial asosda “Xavflarni boshqarish” qo‘mitalari tuziladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratiladi

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya berishda ob’ektda shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqlarsiz muhit yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasini olish talab qilinadi.

Fuqarolar qabuli va sayyor qabullarni o‘tkazishda majburiy tarzda surdotarjimon ishtiroki ta’minlanadi

Yuqoridagi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:

— vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar fuqarolar qabuli va sayyor qabullarni o‘tkazishda majburiy tarzda surdotarjimon ishtirokini ta’minlaydi;

— vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha bir nafar xodimi surdotarjimonlik kurslarida o‘qitiladi.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga 2028 yil 1 yanvargacha har oyning 25 sanasiga qadar to‘langan QQSning bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika byudjetidan qaytarish tizimi joriy etiladi:

oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz qismi:

— 60 foizdan oshgan umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga to‘langan QQSning 40 foizi;

— 60 foizdan kam umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga to‘langan QQSning 20 foizi;

turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga – byudjetga to‘langan QQSning 20 foizi.

Ayrim yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining soliq va bojxona imtiyozlarini berishni nazarda tutuvchi ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:

— yo‘lovchilarni yagona tariflar bo‘yicha tashish xizmatlarini ko‘rsatish aylanmasi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari yagona ishtirokchisi hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi;

— yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozni bekor qilgan holda, mazkur yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilaning a’zosi ishga joylashganda ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada to‘lanadi

“Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:

— kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi;

— mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi;

— kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi.

Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash tizimi joriy etiladi

“Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:

— iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ular o‘rnida intensiv bog‘ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish to‘g‘risida xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bog‘ va tokzorlar deb xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bog‘ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bog‘ va tokzorlar joylashgan maydonlar uchun yer solig‘i 3 baravarga oshiriladi;

— tashabbuskorlar yangi bog‘larni barpo etishda o‘z ehtiyojlari uchun xorijiy davlatlardan belgilangan ro‘yxatdagi payvandtagli mevali ko‘chatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojlaridan ozod etiladi.

“Ishga marhamat” monomarkazlarida ish beruvchilar talabiga asosan tezkor kurslar tashkil qilinadi

“Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida kasbiy ko‘nikmalar markazlari tashkil etilib, ish beruvchilar talabiga moslashuvchan o‘qitish muddati va vaqtini nazarda tutuvchi tezkor kurslar tashkil qilinadi.

Kambag‘al oilalar farzandlari davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilinadi

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish doirasida kambag‘al oilalar farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi.

Umidjon Qurbonov tayyorladi, O‘zA