So‘nggi yillarda mamlakatimizda yuzaga kelayotgan suv taqchilligi suv resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish, aholi ongida shakllangan “suv tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni talab qilmoqda.

– Cuv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, shuningdek, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan bir qator qarorlar qabul qilindi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Alisher Reyimbayev – Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 25 oktyabr kungi “Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2022 yil 1 mart kungi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2024 yil 5 yanvar kungi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari bilan suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan suv iste’molchilariga ko‘plab imtiyozlar berilgan.

Xususan, paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qilgan elektr energiyasi qiymatini Davlat byudjetidan subsidiyalar hisobiga qoplash tartibi faqat suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga tatbiq etilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari tomonidan suv xo‘jaligi tashkilotlarining sug‘orish quduqlari va vertikal drenaj quduqlaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun foydalanishga suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash sharti bilan ruxsat etilishi belgilangan.

Shuningdek, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga suvkredit.uz platformasi orqali 5 yil muddatga, shundan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada kredit, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ushbu texnologiyalar joriy qilingan yilning o‘zida to‘liq miqdorda ajratiladi.

Ahamiyatlisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarga tijorat banklari tomonidan milliy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 10 foizdan oshadigan qismi Davlat byudjeti tomonidan qoplab berilishi, sug‘oriladigan yerlarda yangi bog‘lar, uzumzorlar va boshqa ko‘p yillik daraxtzorlar hamda yengil tipdagi issiqxonalarni tashkil etishda xulosalar Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan faqat suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish sharti bilan berilishi belgilangan.

Tumanda suv sarfini kamaytirish, suvdan oqilona foydalanish maqsadida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tumanda belgilangan suv sarfini kamaytirish maqsadida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish uchun manzilli dastur ishlab chiqildi.

2025 yil uchun belgilangan suv sarfini kamaytirish maqsadida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish uchun tomchilatib sug‘orish uchun 500 gektar, yomg‘irlatib sug‘orish uchun 150 gektar, diskret orqali sug‘orish uchun 60 gektar, egiluvchan quvur 800 va egatga plyonka to‘shab 180 gektar hamda lazerlik tekislash 1600 gektar, umumiy 3 ming 290 gektar manzilli dastur qilib olindi.

Belgilangan suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish hamda kanallarni betonlashtirish orqali tumanga olinayotgan suv sarfini 10 foizgacha tejashga erishiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri