FOTOREPORTAJ
Nukus shahridagi Aq jag‘is mahallasida yashovchi Biybisora Kunnazarova mohir hunarmandlardan. U xalq amaliy san’ati va unutilib borayotgan hunarmandchilik an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish yo‘nalishida faol ish olib bormoqda.
Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Biybisora opa qariyb 30 yil maktabgacha va maktab ta’limi tizimida mehnat qilgan. Hozirda qadimiy gilamlar to‘qish, qoraqalpoq xalq milliy o‘tovi (qora uy)ni yasash bilan birga, uni bezashda qo‘llaniladigan “Oq qur”, “Qizil qur”, “Oq basqur”, “Qizil basqur”, “Dizbbe” va “Izbe” kabi buyumlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
San’atshunoslar va san’at ixlosmandlari hunarmand yasagan buyumlardagi o‘ziga xos xususiyatni va sifatni, nozik badiiy didni yuqori baholagan.
Hunarmand o‘z ishlari bilan respublika va xalqaro miqyosdagi ko‘rgazmalarda, tanlov va yarmarkalarda muvaffaqiyatli qatnashib keladi. Shuningdek, faoliyati davomida 70 ga yaqin shogird tayyorlagan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA