Yangi yil bayrami munosabati bilan bemor bolalarga quvonch va mehr ulashish va shu orqali ularning tezroq sog‘ayishi uchun ma’naviy yordam berish maqsadida O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Qoraqalpog‘iston filialida davolanayotgan bemor bolalar va ularning ota-onalari uchun “Ko‘chma archa” nomli yangi yil bayram tadbiri tashkil etildi.
Partiyaning “Ezgu maqsadlar yo‘lida birlashamiz!” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Nukus shahar Kengashi a’zolari, yurtimiz sevgan va qadrlagan madaniyat xodimlari ishtirok etdi va bolalarga bayram sovg‘alarini topshirdi. Kichkintoylarning ko‘nglini ko‘tarish va ularda yangi yil kayfiyatini uyg‘otish maqsadida yosh qo‘shiqchilar, Qorbobo va Qorqizning bayram sovg‘alari kichik qalblarga chinakam bayramona quvonch bag‘ishladi.
– Uzoq vaqtdan buyon davolanib kelayotgan bemor bolalar uchun yangi yil bayrami esda qolarli bo‘ldi, – deydi “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi o‘rinbosari R.Otarbayev. – Partiyamiz tomonidan tashkil etilgan ushbu xayriya aksiyasi nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari, yaqinlari qalbiga bayramona kayfiyat olib kirdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘tkazilgan tadbir bolalarda ertangi kunga bo‘lgan ishonchni oshirishga, salomatligini yanada mustahkamlashga, yangi yilda yangi maqsadlar sari intilishiga turtki bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri