Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Yangi Toshkent shahri hududidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi.

Ushbu yangi shaharga 2023 yil 18 mart kuni tamal toshi qo‘yilgan edi. Shu munosabat bilan o‘tgan marosimda davlatimiz rahbari u “yashil shahar” bo‘lishini aytgan edi. Bu havo va suv tozaligi, muqobil energiya manbalari, daraxtzorlar ko‘pligi kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi. 420 gektar maydonda Markaziy bog‘ barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi.

Buning uchun ish hozirdan boshlanib, 50 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil etilgan. Prezidentimiz shu yerda bo‘lib, navnihollarni ko‘zdan kechirdi. Bo‘lajak daraxtzorlarning landshaft dizayni, sug‘orish va parvarishlash tizimi haqida ma’lumot berildi.

Hozirda keyinchalik ko‘chirib o‘tkazish uchun 27 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Shuningdek, issiqxona, qozonxona, ko‘chatlarni saqlash va sug‘orish tizimlari barpo etilgan.

Yangi shaharda tegishli vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun vaqtinchalik ma’muriy binolar qurilmoqda. Prezidentimiz ulardagi sharoitlar bilan ham tanishdi.

Hozirda yengil konstruksiyalardan 4 ta bino va yordamchi inshootlar barpo etilgan. Bunda to‘liq mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan. Ofislar “open space” uslubida bo‘lib, har birida 250 nafargacha xodim faoliyat yuritishi mumkin.

Bu vazirlik va idoralar ishini bosqichma-bosqich shu yerda tashkillashtirish imkonini berib, Toshkentdagi tirbandlikni kamaytirishga ham xizmat qiladi.

Joriy yil 3 aprel kuni Yangi Toshkent shahrida ilk inshootlar qurilishi boshlangan edi. Davlatimiz rahbari bu ulkan loyiha ilm va ta’lim maskanlaridan boshlanayotganiga urg‘u berib, “bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi”, – degan edi.

Prezidentimiz ushbu majmualar qurilishini borib ko‘rdi.

Shulardan biri – O‘zbekiston Milliy kutubxonasi. 4 qavatli majmua o‘z nomiga mos milliy dizaynda bo‘ladi. Jami 30 ming kvadrat metr maydonda bir paytning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga sifatli xizmat ko‘rsatiladi.

Bu yerda kutubxona fondidagi adabiyotlarni munosib saqlash, sanoqdan o‘tkazish, xavfsizligini ta’minlash va sterilizatsiya qilishga mo‘ljallangan maxsus asbob-uskunalar o‘rnatiladi. Shuningdek, majmua ko‘p funksiyali bo‘ladi. Tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, yengil sport o‘yinlari va boshqa qulayliklar tashkil etiladi.

– Men avval aytganimdek, bizning ikkita o‘q tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot bo‘lsa, biri – ma’naviyatdir. Ma’naviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk bo‘ladi. Bilimli yoshlar bobolarimizga munosib keng fikrli, milliy g‘ururli, yetuk insonlar bo‘ladi. Shuning uchun yangi shahrimiz qurilishini ma’rifat maskanlaridan boshlayapmiz. Bular yuz yilga tatigulik ma’naviyat, ma’rifat, ilm o‘chog‘i bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Zamonaviy kutubxonada xodimlar ham shunga munosib bo‘lishi, ilg‘or axborot texnologiyalari va xizmatlarni yaxshi bilishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois O‘zbekiston Milliy universiteti va boshqa o‘quv yurtlarida kutubxonachilar tayyorlash sifatini oshirish vazifasi qo‘yildi. Mamlakatimizning 14 ta shahrida kutubxona filiallarini tashkil etib, hududlardagi aholining ham kitob o‘qishiga qulaylik yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shaharda Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda “Yangi O‘zbekiston” universiteti uchun zamonaviy majmualar ham bunyod etilmoqda. Prezidentimiz ularning qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Hozirgi kunda Toshkent davlat pedagogika universitetining yettita fakulteti tarqoq joylashgan. Binolarning aksariyati eskirgan.

Shu bois universitet uchun qirq gektarlik maydonda 20 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari quriladi. Shuningdek, 5 ming o‘rinli yotoqxona, 300 o‘rinli bog‘cha, 616 o‘rinli maktab, 588 o‘rinli akademik litsey, sport va madaniyat saroylari, amfiteatr va boshqa inshootlarni o‘z ichiga oladi. Bir so‘z bilan aytganda, yuqori reytingli xorijiy oliygohlar tajribasi asosida “bog‘cha – maktab – universitet” yaxlitligidagi innovatsion pedagogik klaster tashkil etiladi.

Majmuada pedagog va talabalar uchun eng zamonaviy qulayliklar hozirlanadi. Darslar bir smenaga o‘tkazilishi, dual ta’lim yo‘lga qo‘yilishi evaziga o‘qish va amaliyot sifatida o‘sish bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti oliy ta’lim tizimida yangi daraja bo‘ldi. Uning o‘quv dasturlari dunyo reytingida yuqori o‘rinda turuvchi universitetlar professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda, Germaniya standartlari asosida ishlab chiqilgan.

Bu yerda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar soni yildan-yilga ortmoqda. Bugungi kunda muassasada ming nafardan ortiq talaba ta’lim olmoqda.

Universitet uchun yangi majmua qurilishi uch bosqichda olib boriladi. Dastlab o‘quv va rektorat binolari bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.

Yakunda o‘n ming nafar talabani qamrab oladigan beshta fakultet, bir vaqtning o‘zida sakkiz ming nafar talabaga xizmat ko‘rsatadigan rektorat binosi qad ko‘taradi. Kutubxona, muzey, ko‘rgazma zali, multimedia xonasi, sport majmuasi, suzish havzasi tashkil etiladi.

Shuningdek, o‘qituvchilar uchun 286 o‘rinli turar joy, talabalar uchun 2 ming o‘rinli yotoqxona qurilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu majmualarning kelgusidagi ahamiyatiga to‘xtalib, o‘quv jarayonini oqilona tashkil etish muhimligini ta’kidladi.

 Bu ma’rifat maskanlari – yoshlarimizga investitsiya. Ulardagi yo‘nalishlar, dasturlar, ta’lim sifati va kasblarda Yangi O‘zbekistonimizdagi marralar mujassam bo‘lishi kerak. Bugun bilim olayotgan yoshlar kelajakda mamlakatimizni oldinga boshlaydigan, muammolarni hal etadigan “kalit”, – dedi Prezident.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Yangi Toshkent shahrida transport infratuzilmasi va muhandislik tarmoqlari qurilishi bilan tanishdi.

Ma’lumki, mazkur shahar 1 million aholi yashashiga mo‘ljallangan. Infratuzilma shunga mos va uzoq muddatli bo‘lishi kerak. Shu bois hozirgi kunda katta hajmda yer osti muhandislik ishlari bajarilib, ulkan bunyodkorlikka zamin yaratilmoqda.

Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo‘ladi. Masalan, ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar uyg‘unlikda harakatlanadi. Transportlar qatnovi uchun 14 ta tunnel, 100 ming avtomobilga mo‘ljallangan yer osti turargohlari quriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning to‘siqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratiladi.

Bugungi kunda bo‘lajak chorrahalardan birida ustunlar poydevorini quyish va gidroizolyatsiya ishlari bajarilmoqda. Prezidentimiz bu jarayonni ko‘zdan kechirdi. Kelajakni inobatga olib, qurilishda yuqori sifatli va tashqi ta’sirlarga chidamli mahsulotlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shuningdek, ayni paytda bir va ikki seksiyali muhandislik kollektorlari qurilishi boshlangan. Ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer tagidan o‘tkaziladi.

Shaharda zamonaviy urbanizatsiya talablari asosida “aqlli” texnologiyalar qo‘llaniladi. Yurtimizda ilk bor “uch generatsiya” stansiyasi quriladi. Oqova suvlar ham zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, sug‘orish va texnik maqsadlar uchun yo‘naltiriladi.

Davlatimiz rahbariga Yangi Toshkentning birinchi bosqichida ko‘zda tutilgan loyihalar haqida ham axborot berildi. Auksion orqali sotuvga chiqarilgan yer uchastkalari g‘oliblari o‘zlarining investitsiyaviy loyihalarini taqdim etishdi.

Shaharga ko‘plab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Xususan, birinchi bosqichda 490 million AQSH dollari qiymatidagi 11 ta ko‘p funksiyali majmua, mehmonxona va restoranlar loyihalari boshlangan. Turar joylar, tijorat joylari va ijtimoiy muassasalar hududni gavjumlashtiradi. Mehmonxona va restoranlar, o‘ziga xos dizayndagi muhtasham binolar tashrif buyuruvchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishi bilan birga shaharni turizm markaziga aylantiradi.

Yanagi yilda shaharning keyingi bosqichlari uchun yer uchastkalari bosqichma-bosqich taklif qilinadi. Har bir bosqichda, yangi investitsion imkoniyatlar va loyihalar taqdim etiladi. Bu, o‘z navbatida, nafaqat shaharni rivojlantirish, balki ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy biznesni qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.

Umuman, kelajakda shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli 200 mingta ish o‘rni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT-park, ta’lim va tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari