“Mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish sohalaridagi strategik tahlil va tadqiqot qilish faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.

Mazkur kengash ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategik tahliliy hujjatlarni hamda mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid takliflarni muntazam ravishda Prezidentga kiritib boradi.

Kengash ichki va tashqi siyosat jarayonlari bo‘yicha strategik tadqiqotlarni tashkil qilish hamda ularni o‘tkazishning barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi.

Tuzilma faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, umumiy muvofiqlashtirish hamda idoralararo hamkorlikni ta’minlash Prezidentning Maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi tomonidan amalga oshiriladi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilmasida xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlik, davlat va jamiyat qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik, hududlarni strategik rejalashtirish va rivojlantirish, ekologik kun tartibi, shu jumladan, iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi masalalari yo‘nalishlariga mas’ul bo‘lgan ishchi guruhlar tashkil qilinadi.

N.Abduraimova, O‘zA