Bugun Koreya Respublikasi sobiq Prezidenti Yun Sok Yolning 1200 ga yaqin tarafdori davlat rahbari qarorgohi oldida yig‘ildi, deb yozgan “Yonhap” axborot agentligi.
Tergovchilar Prezidentni hibsga olmoqchi bo‘lgan. Avvalroq qarorgoh atrofida tartibni saqlash uchun 2 700 ga yaqin politsiyachi safarbar etilgani xabar qilingan edi.
Namoyishchilar qo‘lga olish orderi noqonuniyligi yozilgan shiorlar ko‘tarib olgan.
Yun Sok Yol o‘zini qo‘llab-quvvatlayotganlarga murojaat qilib, ularning sa’y-harakatini har kuni ijtimoiy tarmoq orqali ko‘rayotganini aytgan. Shuningdek, “Konstitutsiyaviy tuzum, erkinlik va demokratiyani himoya qilayotgani” uchun tarafdorlariga minnatdorlik bildirgan.
Avvalroq Seulning G‘arbiy tumani sudi Korrupsiya amaliyotini tergov qilish boshqarmasi (CIO) politsiya va Mudofaa vazirligi Tergov departamenti vakillaridan iborat tergov guruhi talabiga ko‘ra, Yun Sok Yolni hibsga olish va turar joyida tintuv o‘tkazish uchun order bergan edi.
Ushbu buyruqni bajarish uchun 150 kishi, jumladan 30 nafar CIO zobiti va maxsus politsiya bo‘limining 120 xodimi safarbar etilgan. 80 kishi qarorgohga kirgan, 70 nafar politsiyachi tashqarida kutgan. Keyinroq qo‘shimcha operatsiya kuchi ham jarayonga jalb qilingan. Prezident xavfsizlik xizmati tergovchilarga qarorgoh binosini tintuv qilishga ruxsat bermagan.
Bugun muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda, tergovchilar 6 yanvargacha, ya’ni order amal qiladigan muddat ichida Prezidentni hibsga olish uchun yana bir bor urinib ko‘rishi mumkin. Binobarin, dam olish kunlari qarorgoh atrofidagi namoyishchilar ko‘payib, qo‘lga olish opreatsiyasini yanada qiyinlashtirishi kutilyapti.
“Korea Information Research” tadqiqot kompaniyasi “Chxonchji Ilbo” nashri buyurtmasi bilan 29-30 dekabr kunlari 18 yoshdan oshgan 1008 nafar fuqaro o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan. Tegishli ma’lumotga ko‘ra, Prezident Yun Sok Yolning reytingi sezilarli darajada oshib, 36.1 foizga yetgan. Shuningdek, respondentlarning 44,7 foizi davlat rahbariga nisbatan impichment milliy manfaatga zid, deb hisoblaydi.
Mahalliy “PS News” nashri yozishicha, qo‘llab-quvvatlov kayfiyati nafaqat hukmron “Fuqarolik kuchi” partiyasi tarafdorlari, balki aholining mo‘’tadil va ilg‘or guruhlari orasida ham kuzatilmoqda.
Agar Yun Sok Yol hibsga olinsa, so‘roq qilish uchun Departamentga olib ketiladi va qonun bo‘yicha 48 soat ushlab turilishi mumkin. Shu vaqt ichida tergov tegishli qaror chiqarishi kerak. Agar qamoqda uzoq muddat ushlash uchun ruxsat so‘ralsa, sud gumondorni hibsda saqlash yoki saqlamaslik bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Ayni payt hukmron partiya qarorgohda tintuv o‘tkazilishini va hibs uchun berilgan orderni noqonuniy, deb da’vo qilmoqda. Yun Sok Yolning advokati Yun Gap Keun tergovchilarning amaldagi Prezidentni qo‘lga olishga urinishga javoban, qonuniy chora ko‘rish niyatidaligini aytdi. Partiya faollari order bergan sudyaga nisbatan impichment bilan tahdid qilgan.
Go‘zal Sattorova, O‘zA