O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”ga belgilangan rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda uyushmaning shahar va tuman bo‘limlari boshliqlari,  ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Tadbirda boshqarma boshlig‘i S.Turmanov mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashish, mahalla yettiligining ishini samarali tashkil etish borasida yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etilib, mahallalarni boshqarishda mutlaqo yangicha tizim – “Mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bugunda butun xalqimiz “Mahalla yettiligi”ning aholi hayotidagi o‘rni va nufuzini chuqur his etmoqda. Nega deganda, yuqoridagi farmon va qarorda boshqarma va (Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim hamda soliq inspektoridan iborat) “Mahalla yettiligi”ning aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlashdagi asosiy vazifalari belgilab berildi. Ularga xos mehnat sharoitlari yaratildi.

Masalan, 2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 36 ta mahalla binosi yangidan qurilib, 4 ta mahalla binosi joriy va 3 ta mahalla binosi kapital ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Shu o‘rinda Nukus tumanidagi Dehqon arna mahallasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlarini alohida ta’kidlash o‘rinli. E’tiborlisi, bugungi kunda barcha mahalla binolari yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan bo‘lib, barcha mahalla raislari 452 dona planshet, shu jumladan, 274 ta mahalla kompyuter jamlamasi, 234 tasi esa mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 22 avgustdagi “2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bugungi kunda 452 ta mahallaning barchasiga Mahallaning yagona platformasi – “Raqamli mahalla” tizimi joriy etildi.

Mahallalarni obodonlashtirishda Prezidentimizning 2023 yil 13 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.  O‘tgan davr mobaynida mazkur qaror asosida  ajratilgan 226 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 452 ta mahalla doirasidagi 2 ming 372 ta loyiha to‘liq ishga tushirilgan bo‘lsa, 2024 yilda Ellikqal’a tumanidagi Iftixor, Chimboy tumanidagi Pashenttau, Qonliko‘l tumanidagi Besko‘pir va Xo‘jayli tumanidagi Mustaqillik mahallalarida qo‘shimcha 6 milliard so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, 2024 yilgi “Tashabbusli byudjet” loyihasining mahallalarda mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish, aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini oshirishda katta ahamiyat kasb etganini ta’kidlash o‘rinlidir. Respublika mahallalari doirasida 173 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ni tashkil etadigan 166 ta loyiha jami ovoz berish yo‘li bilan yutib olinib, ayni paytda mahallalardagi qurilish-obodonlashtirish ishlari izchillik bilan yakuniga yetmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024 yilning bahor va kuz mavsumida 2 million 300 ming tupdan ziyod manzarali va mevali ko‘chat ekildi.

Joriy “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chatlar ekish ishlariga alohida e’tibor qaratish, mahalla yettiligi va ko‘cha boshlari  ishtirokida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni targ‘ib qilish ishlarining ta’sirchanligini kuchaytirish, 34 ta mahalla binosini yangidan qurib, 1 ta mahalla binosini kapital ta’mirlash, 17 ta bo‘limning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida ularning har biriga 50 million so‘mdan qo‘shimcha jami 850 million so‘m mablag‘ ajratish, 45 ta mahallada qo‘shimcha ravishda mahalla servis kompaniyalarini tashkil etish, mahalla yettiligining ish samaradorligini oshirish, jumladan, mahalla byudjetiga kelib tushgan mablag‘larni aholi farovonligi yo‘lida maqsadli sarf etilishini ta’minlash kabi asosiy yo‘nalishlarda ish olib borish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA