“Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini ish beruvchi korxona va tashkilotlarda ham tashkil etish amaliyoti joriy qilinadi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

— Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

— Kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Shuningdek, diplom loyihasi hamda bitiruv malakaviy ishi himoya qilinadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati ta’lim sohalarining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

2025 yil 1 yanvardan kasbiy ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarining malakasini oshirish o‘quv rejalariga “Germaniya tajribasi” asosida bitiruvchilarni baholash bo‘yicha o‘quv kursi kiritiladi.

O‘zA