Munosabat

Ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi  va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar yangi Konstitutsiyamizda ifoda etilgan “ijtimoiy davlat” tamoyilining  yorqin ifodasi bo‘ldi.

Prezident bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34 ta muhim yangilikka  qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni  ilgari surdi. Kelgusida 1 million 200 ming aholini  kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini  hal qilish va yashash sharoitini  yaxshilash zarurligi ta’kidlandi. Albatta, avvalo, ijtimoiy himoya sohasiga davlatimiz tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar va ko‘rsatilayotgan ijtimoiy va boshqa xizmatlar ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Masalan, Qoraqalpog‘iston misolida aytadigan bo‘lsak, birgina   “Ayollar daftari” doirasida  qariyb 8,7 mingta oilaga 8,1 milliard so‘mlik davlat ko‘magi ko‘rsatilgan. Xususan, boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlardan 7 ming 427 nafariga 8,9 milliard,  ijtimoiy yordamga muhtoj birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan 9 ming 756  nafariga 11,7 milliard, qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan xotin-qizlarning 3069 nafariga 3, 9 milliard so‘m moddiy yordam berilgan. Og‘ir turmush sharoitida yashovchi  1 ming 116 nafar  xotin-qizning uy-joylari ta’mirlanib va ijara kompensatsiyasi to‘lab berilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 32 ming 820 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlangan.

2025 yilda kambag‘allik yuqori bo‘lgan 1 mingta mahallada yana bittadan oilaviy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari  qabul qilinishi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab berilishi xususidagi taklifi ehtiyojmand oilalar uchun juda katta imkoniyatdir.

Yig‘ilishda Prezidentimiz ilgari surgan yana bir eng muhim tashabbuslardan bir bu – “ijtimoiy karta” joriy etish masalasi bo‘ldi. Ya’ni shu kungacha  fuqarolarimiz  ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun  10 dan ortiq hujjatni ko‘tarib yurgan bo‘lsa, endilikda ularning o‘rnini bosadigan bitta “ijtimoiy karta” joriy etiladi. Bundan tashqari, shu ijtimoiy karta bilan  avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga  kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi.

Bugungi kunda kambag‘al oilalardagi o‘zi harakatlana olmaydigan insonlarga ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-ukasi yoki opa-singlisi qarab kelayotgani ham ayni haqiqat. Kelgusi yildan mahalladagi ijtimoiy xodimlar va xususiy sektor ishtirokida bunday odamlarni uyida va kunduzgi qatnov asosida qarab turish yo‘lga qo‘yilishi, natijada yaqiniga qarab turgan aholining ishlashiga sharoit yaratilishi, shuningdek, bunday xizmatni ko‘rsatgan xususiy sektorga kambag‘al oilalar xarajatining 80 foizini davlat qoplab berishi, bu oilaning ham moddiy, ham ruhiy-ma’naviy barqarorligiga xizmat qiladi, albatta.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar, Prezidentimiz tomonidan  ijtimoiy himoya sohasida ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatida dunyoda o‘zini namoyon etib borayotganidan dalolat beradi.

Nazira Matyaqubova,  

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati.  

O‘zA