6-7 oylik chaqaloq jiyanim oldida telefon tursa, ko‘zlari chaqchayib, telefonga qarab intiladi, mitti qo‘l-oyoqchalar ham tezlashib, unga tomon jon-jahdi bilan harakat qila boshlaydi. Agar telefonga yetib borolmasa yoki qo‘liga bir tutqazishmasa, ana qiy-chuvni ko‘ring. Toki qo‘liga shu matohni bir olmaguncha tinchimaydi.
Aslida bugun mobil telefonlar yoshu katta barchamizning eng asosiy qurolimiz, ko‘makchimiz, ovunchog‘imiz bo‘lib qoldi. Usiz kunimizni, hatto bir soatimizni tasavvur qilolmaymiz. Bir muddat ko‘zimizdan uzoqda qolsa, uni qidirishga tushamiz.
Darhaqiqat, mobil telefonning yaratilishi texnika asrining cheksiz imkoniyatlari, yutug‘i bo‘ldi. Ammo uning salbiy tomonlari ham borligini unutmasligimiz kerak. Insonlar cheksiz internet, cheksiz telefon imkoniyatlariga o‘rganib qolib, virtual olamda soatlab gaplashyapti. Oqibatda bilib-bilmay salomatlikka jiddiy xavf solinmoqda.
— Mobil telefondan chiqayotgan nur inson miya hujayralariga jiddiy ta’sir qilib, uni turli xavfli kasalliklarga duchor etadi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti bosh mutaxassisi S.Mullayeva. — Uyali telefonni yosh bolalardan uzoqda tutish kerak. Chunki ayniqsa, bolalar uchun ularning xatari kuchli. Bolaning bosh miyasi elektromagnit energiyalarini kattalarga qaraganda ko‘proq yutadi va kuchli ta’sirlanadi. Shu bois, ularning aqliy rivojlanishi uchun mas’ul hisoblangan bosh miya bo‘lmachalari ham elektromagnit to‘lqinlari ta’siridan jiddiy zarar ko‘radi. Shuning uchun mobil telefondan foydalanuvchi bolalar insoniyat tarixida birinchi marta radioto‘lqinli diapazondagi elektromagnit maydonining zararli ta’siridagi “xatarli guruh”ga kiritilmoqda.
So‘nggi paytlarda yosh onalar bolalariga multfilmlar va rasmlarni tomosha qilishlari uchun uyali telefonlarni soatlab berib qo‘yib, ularni yupatyaptilar. Bu bilan o‘z farzandlarining, o‘sib kelayotgan yosh organizmning nurlanishiga yo‘l qo‘ymoqdalar, miya faoliyatining asta-sekin buzilishiga moyillik tug‘ilishiga sababchi bo‘layaptilar. Bu holat doimiy takrorlanadigan bo‘lsa, bolalar yoshligidan injiq, yig‘loqi, uyqusi notinch va baqiroq bo‘lib qoladi. Katta bo‘lgani sari tez charchaydigan, immun tizimi zaiflashib, tez-tez shamollaydigan bo‘lib qoladi, ko‘zning ko‘rish qobiliyati pasayishi kuzatiladi.
Ayniqsa, maktab yoshidagi bolalar darslarda diqqat-e’tiborini jamlashga qiynalib, o‘zlashtirishi pasayadi. Bora-bora o‘smirlik davrida uyali telefonga mukkasidan ketib, asabiy, tajang bo‘lib qoladi, tezda charchash holatlari kuzatiladi. Bu esa rivojlanayotgan yosh organizm uchun kasalliklarga moyillikni keltirib chiqaradi.
Inson tanasining elektromagnit nurlanishlarga eng ta’sirchan qismi bosh bo‘lib, aynan shu sohada so‘zlashuv olib boriladi. Shuning uchun u insonda nurlanish jarayoni tezlashishini yanada orttiradi. Dunyoda har 20 ta insondan bittasi mobil aloqa nurlanishi qurboniga aylanmoqda. Mutaxassislar insonning so‘zlashuv jarayonidagi qon bosimini o‘lchaganida, har xil yoshdagilarda arterial qon bosimi ko‘tarilishi ham aniqlangan, — deydi mutaxassis.
Darhaqiqat, mobil telefonlarning foydali va qulay tomonlari bilan birga, juda ko‘p salbiy ta’sirlari ham borligini hammamiz yaxshi bilamiz. Ammo shunga qaramay, undan noto‘g‘ri foydalanishda davom etaveramiz.
Nemis mutaxassislari kamerali va kamerasiz uyali telefonlarda elektromagnit nurlanishi bo‘yicha test o‘tkazishganda, kamerali telefonlarning nurlanishi sodda uyali telefonlarga qaraganda ko‘proq bo‘lganini aniqlashgan.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, nurlanish asosan uyali telefondan so‘zlashuv vaqtida chiqadi. Telefondan foydalanayotgan insonga uning ta’siri 15 soniyaga qadar sezilmaydi. Agar so‘zlashuv va foydalanish vaqti oshsa, yaqqol o‘zgarish seziladi. Chunki alfa to‘lqinlar miya faoliyatini yomonlashtiradi va o‘zining to‘lqin xususiyatlarini namoyon qila boshlaydi.
Shunday ekan, mobil telefonlardan foydalanishda ehtiyot choralarini ko‘rish, ya’ni zarur hollardagina mobilnikdan foydalanishga harakat qilish, uxlayotganda telefonni yoniga qo‘ymaslik, gaplashayotganda uni boshga yaqin tutmaslik va eng muhimi, bolalarga ovunchoq sifatida berib qo‘ymaslik lozim.
Kundalik zarurat va ehtiyojlarimiz uchun qulay bo‘lgan telefonlar hayotimizga, salomatligimizga ziyon yetkazuvchi bo‘lmasligiga odatlanishimiz maqsadga muvofiqdir.
Muhtarama Komilova, O‘zA