Ijtimoiy tarmoqlarda media mahsulotlarni «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkazish joriy etilgani yuzasidan xabarlar tarqalmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan mazkur masala o‘rganilganda, unda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi umummajburiy kuchga ega bo‘lgan huquqiy normalar belgilangani aniqlandi.

– Amaldagi qonunchilikka muvofiq, vazirlik va idoralarning shunday turdagi huquqiy hujjatlari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim, – dedi Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Shohida Yo‘ldosheva. – Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bu turdagi hujjatlar tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi. Shu bois, media mahsulotlarni «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror ushbu hujjatni qabul qilgan organlar tomonidan bekor qilingani va ijrodan chaqirib olinganini ma’lum qilamiz.

Shu bilan birga, Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari tomonidan turli manbalarda tarqatilgan media mahsulotlarning amaldagi qonunchilikka zidligi aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish yuzasidan tahliliy fikrlar tarzida vakolatli organlarga belgilangan tartibda taklif kiritib borish maqsadga muvofiqligi haqida tavsiyalar berildi.

N.Abduraimova,  

O‘zA