AOKAda hududlarda bo‘lib o‘tgan “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” shiori ostida “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
E’tirof etilganidek, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 3-15 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” shiori ostida “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha 196-sonli bayoni ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor berildi.
Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birga ushbu loyihani xalqchil, samarali va ta’sirchan amalga oshirish bo‘yicha Ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
“Ma’rifat karvoni” loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-20 noyabrdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisi, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisidagi nutqi mazmun-mohiyatini ziyolilar ishtirokida keng ommaga yetkazishdan iborat.
Shu bilan birga, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va bunyodkorlik ishlarini ziyolilar o‘rtasida keng targ‘ib etish, aholi, xususan yoshlarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mohiyatini tushuntirish, buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylash, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik muhitini ta’minlash, yurtdoshlarimizning mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlariga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlash maqsad qilib olindi.
Joriy yilning 3-11 dekabr kunlari 13 ta hudud – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm va Samarqand viloyatlarida “Ma’rifat karvoni” loyihasi amalga oshirildi.
Loyiha doirasida “Yangi O‘zbekistonda ma’naviy, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari” mavzusida ziyolilar forumi, “Yangi O‘zbekiston – islohotlar falsafasi” nomli anjuman, “Zamonaviy yoshlar – taraqqiyot drayveri” mavzusida ilm-fan va innovatsiyalarga bag‘ishlangan mahorat darslari, shuningdek, “Men ham harbiy bo‘laman”, “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomlari taqdimotlari o‘tkazildi. Videoroliklar namoyish etildi.
Xususan, Andijon davlat universiteti, Navoiy viloyati Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati Kengashi, Olmaliq shahridagi Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, TATU Farg‘ona filiali, Nukus shahri hokimligi, Jizzax shahridagi “Kibersport” arenasi, Surxondaryo viloyati Imom Termiziy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Namangan viloyati madaniyat markazi, Samarqand shahridagi Yoshlar markazida “Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari” mavzusida ziyolilar forumi bo‘lib o‘tdi.
Andijon davlat pedagogika instituti, Olmaliq shahridagi Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti, Qashqadaryo viloyati Yoshlar markazi, Nukus shahridagi Yoshlar markazi, Jizzax shahridagi “Kibersport” arenasi, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiya universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazi hamda Buxoro, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi Yoshlar markazlarida “Zamonaviy yoshlar – taraqqiyot drayveri” mavzusida mahorat darslari o‘tkazildi.
Buxoro davlat universiteti, Sirdaryo viloyati Yoshlar markazi, Urganch davlat universiteti, Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazi, Jizzax shahridagi “Kibersport” arenasi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Termiz iqtisodiyot servis universiteti, Namangan davlat pedagogika instituti, Andijon davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Qarshi shahar hokimligi, Olmaliq shahridagi Milliy texnologik tadqiqotlar universitetida “Yangi O‘zbekiston – islohotlar falsafasi” mavzusida diniy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
“Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston san’at saroyida “Ajiniyoz” filmi, Xorazm viloyati musiqali drama teatrida “Maxtumquli” spektakli namoyish etildi.
Hududlarda o‘tkazilgan barcha tadbirlar ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Ma’rifat karvoni” doirasida “Buyuk ajdodlar siymosi: yangi nigoh va zamonaviy yondashuvlar” mavzusida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilgan “Ma’rifat karvoni” tadbirlari sarhisob qilindi.
Tadbirning yana bir o‘ziga xos jihati – buyuk allomalarimizning tasdiqlangan siymolarini sun’iy intellekt yordamida jonlantirishga qaratilgan taklif va amaliy ishlar taqdimoti bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishdagi yangicha g‘oyalar va innovatsion yechimlar, jumladan, 3D vizualizatsiya texnologiyalari orqali allomalar bilan interaktiv muloqot qilish imkoniyatlari namoyish etildi.
“Ma’rifat karvoni” tadbiri yakunlarida mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi yangi loyihalarni amalga oshirishga oid qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Bu kabi tadbirlar orqali milliy o‘zlikni anglash, tarixiy merosni saqlash va yosh avlodga yetkazishdagi ishlar yanada mustahkamlanmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA