Tibbiy ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, bemor o‘g‘il-qizlarni sog‘ayishiga ko‘maklashish, shuningdek, jamiyatda insonparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan mazkur xayrli aksiyada “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi har doim faol ishtirok etadi.
Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi qon quyish markazida tashkil etilgan aksiyada turli tashkilot xodimlari, deputatlar, harbiylar va ko‘plab ko‘ngilli yurtdoshlarimiz ham bemor bolalar hayotini saqlash uchun donorlik qonini topshirishdi.
Ta’kidlanganidek, donorlik – sharafli yordam, savob va xayrli ishdir. Ba’zida kimningdir bir tomchi qon – yana bir yangi hayotni anglatadi. Shuningdek, favqulodda jarohat olgan odamlar, ayniqsa, jajji bolajonlar ko‘p qon yo‘qotishi natijasida ularning hayoti qil ustida bo‘lib qoladi. Shunday vaziyatlarda donorlarning beminnat yordamiga tayaniladi. O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan mana sakkiz yildirki “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida butun respublika bo‘ylab beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkazib kelinmoqda.
Ma’lumot uchun o‘tgan yillarda partiya tashabbusi bilan o‘tkazilgan aksiyalarda respublika miqyosida jami 30 ming nafarga yaqin ko‘ngilli donor ishtirok etgan. Natijada ushbu hayot tomchilari orqali 37 ming nafarga yaqin qonga muhtoj bolajonlar hayoti saqlanib qolingan.
– Bugungi kunda nafaqat dunyo tibbiyotida, balki mamlakatimizda ham qon va uning tarkibiy qismlari donorligiga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qon quyish markazi shifokori Jadira Gabbarova. – Har kuni minglab insonlar donorlar qoniga muhtoj bo‘ladi. Afsuski, qonni sun’iy tarzda ishlab chiqishning imkoni yo‘q. Qon quyishga muhtoj bo‘lib qolgan har bir odamning alohida qon guruhi va rezus faktori borligini inobatga olganda, unga faqatgina shu guruh va faktordagi qon quyilishi kerak. Shu sabab endilikda yurtimizda donorlarni qo‘llab-quvvatlash yanada kengaytiriladi.
Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni olgan fuqarolarga beriladigan pul mukofoti 2025 yilning yanvar oyidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi. Ularga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi berilib, davlat sihatgohlarida davolanish navbatsiz bo‘ladi.
Ushbu aksiya nafaqat Nukus shahrida, balki respublikaning barcha hududiy qon quyish markazlarida ham tashkil etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA