Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan ijro hujjatiga asosan undiruvchi A.U. foydasiga tarbiyasidagi ikki nafar farzandi ta’minoti uchun qarzdor S.A.dan aliment undirish belgilangan.
Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida qarzdorning yashash manziliga borilganida, uning ushbu manzilda yo‘qligi, yaqin qarindoshining ko‘rsatmasiga ko‘ra u ijro harakatlari boshlanmasidan oldin, ya’ni 2023 yili 22 fevralda Rossiya federatsiyasiga ketganligi aniqlangan. Shu sababli, unga nisbatan Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan qidiruv e’lon qilingan.
Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv sho‘’basi tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida qarzdor S.A. O‘zbekiston chegarasiga kirganligi aniqlanib, joriy yilning 25 noyabr kuni Nukus shahrida qo‘lga olindi. Unga aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni bartaraf etmasa ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilishi tushuntirildi.
Natijada qarzdor S.A. hozirgi kunda aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan 17 million so‘mdan ortiq qarzdorlikni shu kunning o‘zida to‘lab berdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri