Parlamentlararo hamkorlik ko‘lami kengayadi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston – Hindiston hamkorligi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat delegatsiyalarining tashriflari bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuvda o‘zaro aloqalarning istiqbollari, xususan, parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish orqali mamlakatlarimiz hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Mehmonlarga mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi asosida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, xavfsizlik va millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda o‘zaro manfaatli, amaliy tashqi siyosat sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, quyi palataning faoliyati va tuzilishi, deputatlik birlashmalari, qo‘mitalar, komissiyalar va xorijiy parlamentlar bilan hamkorlik qilish doirasida tashkil etilgan do‘stlik guruhlari, qonunchilik tizimidagi yangiliklar bilan tanishtirildi.
Muloqot chog‘ida tomonlar parlamentlararo munosabatlar barqaror rivojlanib borayotganini, ayni paytda uni ikki mamlakat salohiyati darajasida yangi bosqichga olib chiqish uchun hali ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.
Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj parlamentlararo aloqalarni doimiy yo‘lga qo‘yish boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik rivojiga asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi. Ikki mamlakatning dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan qarashlari o‘xshashligi, davlatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish mushtarak maqsad ekanini alohida qayd etdi.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doir boshqa masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

 

O‘zA