O‘tgan hafta mobaynida futbol bo‘yicha Yevropa qit’asining kuchli beshlik chempionatlarida navbatdagi tur bahslari bo‘lib o‘tdi.

Angliya premer ligasining 8-turida markaziy o‘yin deya e’tirof etilgan “Liverpul” – “Chelsi” uchrashuvi shiddatli o‘tdi. Mazkur o‘yinda “Liverpul” 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va ochkolari sonini 21 taga yetkazgan holda musobaqa peshqadamiga aylanib oldi. Shuningdek, bu turda “Manchester Siti” ham 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Aniqrog‘i, “MS” safarda “Vulverxempton” ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa, 20 ochko bilan “shaharliklar” ikkinchi o‘ringa joylashdi. Kutilmaganda Londonning “Arsenal” klubi 2:0 hisobida “Bornmut”ga imkoniyatni boy berdi. Buning natijasida “Arsenal” 17 ochko bilan uchinchi pog‘onaga joylashdi.

Germaniya Bundesligasining 7-turida “Bavariya” o‘z maydonida “Shtutgart” klubini yirik 4:0 hisobida taslim qilgan bo‘lsa, “Mayns 05” va “RB Leypsig” o‘yini 0:2 hisobida yakunlandi. “Frayburg” jamoasi “Augsburg”ni qabul qilib, 3:1 hisobida g‘alabaga erishdi. Shu tariqa, ushbu jamoalar musobaqa jadvalining kuchli uchligidan o‘rin oldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Bavariya” va “RB Leypsig” 17 ochko jamg‘arib, birinchi va ikkinchi pog‘onaga joylashdi. “Frayburg” esa 15 ochko bilan uchinchi o‘rinda qayd etildi.

Bu yilgi mavsumda yorqin o‘yin namoyish etayotgan “Barselona” klubi Ispaniya La-ligasining 10-turida ham peshqadamligini saqlab qoldi. Kataloniya shahri sharafini himoya qiluvchi bu jamoa mazkur turda “Sevilya”ni 5:1 hisobida taslim qildi va ochkolarini 27 taga yetkazib oldi. Madridning “Real” jamoasi esa 10-turda “Selta” mehmoni bo‘lib, 2:1 hisobida muhim g‘alabaga erishdi. Buning natijasida “qirollik klubi” 24 ochko bilan jadvalda ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi. “Atletiko Madrid” esa o‘z maydonida 3:1 hisobida “Leganes”ni taslim qilib, 20 ochko bilan kuchli uchlikdan joy oldi.

Italiya A Seriyasining 8-turidan so‘ng “Napoli” 19, “Inter” 17 va “Yuventus” 16 ochko bilan peshqadamlar ro‘yxatidan joy oldi. A Seriyaning kuchli uchligidan joy olgan ushbu jamoalar 8-tur doirasida bir xil 1:0 hisobida zafar quchdi. Aniqrog‘i, “Napoli” va “Inter” safarda “Empoli” hamda “Roma”ni, “Yuventus” esa o‘z maydonida “Latsio”ni minimal hisobda yengdi.

Fransiya chempionatining 8-turida “PSJ” klubi “Strasburg” ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. “Monako” esa kutilmaganda “Lill” bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Shu tariqa, parijliklar turnir jadvalida 20 ochko bilan peshqadamga aylangan bo‘lsa, ikkinchi pog‘onadagi “Monako” 20 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi.

Safarda “Monpele”ni 0:5 hisobida yenggan “Marsel” ochkolarini 17 taga yetkazib oldi hamda uchinchi pog‘onadan o‘rin egalladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA