“Yunusobod” sport majmuasida dzyudo bo‘yicha harbiy sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati o‘z shiddati va jozibali usullari bilan ishqibozlarga bir olam zavq ulashdi.
O‘z tarixida 42-marotaba tashkil etilgan dunyo birinchiligining jamoaviy bahslari nihoyasiga yetdi. 17 davlat terma jamoalari ishtirokidagi bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari avvaliga Turkmaniston, keyin Iordaniya terma jamoasini bir xil 3:0 hisobida yengdi. 1/2 final kurashida Italiya terma jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etdi.
Harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatining finalida O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston jamoalari ro‘baro‘ keldi. Dzyudochilarimiz hal qiluvchi final bellashuvida Mo‘g‘uliston terma jamoasiga 2:3 hisobida yengildi va kumush medal sohibi bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda 9 ta milliy terma jamoa olimpiya tizimidagi bahslarda tatamiga chiqdi. O‘zbekiston terma jamoasi dastlab Ispaniya terma jamoasini 3:0, murakkab kechgan 1/2 finalda esa Rossiya jamoasini 3:1 hisobida dog‘da qoldirdi.
Finalda esa Fransiya terma jamoasi bilan oltin medallar uchun raqobatga kirishdi. Bellashuvlar natijasiga ko‘ra, dzyudochi qizlarimiz raqiblarini 3:1 hisobida yengdi va haqli ravishda harbiy sportchilar o‘rtasida jahon chempionligiga erishdi.
G‘olib va sovrindorlar, chempionatning eng yaxshi dzyudochilari tegishli tarzda diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, dunyo dzyudo ishqibozlari kuzatuvida o‘tgan 42-jahon chempionatining yakkalik bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi 5 ta oltin, 5 ta kumush, 3 ta bronza jami 13 ta medal bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Mo‘g‘uliston va Fransiya terma jamoalari kuchli uchlikka yakun yasadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA