Poytaxtimizdagi “Yunusobod“ sport majmuasida dzyudo bo‘yicha harbiylar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatining yakkalik bellashuvlarida hamyurtlarimiz 13 ta medalga ega chiqib, dunyoga o‘zbek sportining kuch-qudratini namoyish etdi.

42-jahon chempionatining ikkinchi kungi shiddatli bellashuvlarida mamlakatimiz dzyudochilari 3 ta oltin, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Jahon chempionatining -81 kilogramm vazn toifasi finalida Hikmatulloh To‘rayev Muso Sobirovni mag‘lubiyatga uchratib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Sobirov kumush medalga sazovor bo‘ldi. Xuddi shuningdek, Rustam Shorahmatov (-100 kg.) va Shohruh Baxtiyorov (+100 kg.) ham o‘z vaznlarida harbiylar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi.

Terma jamoamiz a’zolaridan Irisxon Qurbonboyeva (+78 kg.) esa kumush medalga ega chiqdi. Bronza medali uchun tatamiga chiqqan Shirinjon Yo‘ldosheva (-70 kg.), Mushtariybegim Afzalova (-78 kg.) va Bekmurod Oltiboyev (+100 kg.) raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun, 18 oktyabr jahon chempionatida jamoaviy bahslar tashkil etiladi. Ma’lumki, Xalqaro dzyudo federatsiyasi nizomiga muvofiq, Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida aralash jamoaviy bellashuvlar tashkil etiladi. Harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida esa erkaklar va ayollar o‘rtasidagi musobaqalar alohida tarzda o‘tkaziladi.

Kecha ushbu bahslarga qur’a tashlandi. O‘n yetti davlat terma jamoasi qatnashadigan erkaklar o‘rtasidagi musobaqada O‘zbekiston dzyudochilari turkmanistonlik harbiylarga qarshi tatamiga chiqadi. To‘qqiz terma jamoa qatnashayotgan ayollar o‘rtasidagi bahslarda esa qizlarimiz ilk davrada ispaniyalik harbiy dzyudochilar bilan kuch sinashadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA