Poytaxtimizda qilichbozlik bo‘yicha kadetlar toifasida O‘zbekiston kubogi bahslari o‘tkazilmoqda.

Qilichbozlikning sablya, shpaga va rapira yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tayotgan ushbu musobaqa bahslariga «Paxtakor» qilichbozlik zali mezbonlik qilmoqda.

Musobaqaning ilk kunida sablya yo‘nalishi bo‘yicha jamoaviy va yakkalik bahslar bo‘lib o‘tdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yakkalik bellashuvlarida Nursulton Kenesbayev, Artur Bekjanov, Bekzad Tajedinov va Azim Shokirov shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Sevara G‘aniyeva, Salima Ro‘ziyeva, Aygul Shamuratov, Shahzoda Abdullajonova g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Jamoaviy bahslarda “Toshkent 1” jamoasi qizlar o‘rtasida mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlaridan iborat jamoa birinchi o‘rindan joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakat kubogi 21 oktyabr kuniga qadar davom etadi. Unda shpaga va rapira yo‘nalishlari bo‘yicha yakkalik va jamoaviy bahslar tashkil etiladi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA