Poytaxtimizdagi “Humo arena” sport majmuasida xokkey bo‘yicha Qozog‘iston muntazam chempionatining navbatdagi tur o‘yinlari doirasida “Humo” jamoasi Rudniy shahrining “Gornyak” klubiga qarshi raqobatlashdi.
Joriy yilgi mavsum boshlanishiga bir qancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, “Humo” klubi ilk bor Toshkentda o‘yin o‘tkazdi. Qiziqarli bahslarga boy o‘tgan ushbu uchrashuvda poytaxtimiz klubi 4:3 hisobida g‘alaba qozondi va muhim ikki ochkoni qo‘lga kiritdi. Buning natijasida “Humo” 9 ta o‘yinda 11 ochkoga ega bo‘ldi va oltinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Gornyak” esa 11 ta o‘yin o‘tkazib, 12 ochko bilan 5-o‘rinda bormoqda.
Bugun soat 19:30 da “Humo” va “Gornyak” klublari o‘rtasida ikkinchi o‘yin bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuvda jamoamiz yana bir g‘alaba qozonib, musobaqa jadvalida “Gornyak”dan ochkolar hisobi bo‘yicha o‘tib ketishiga umid qilamiz. Yana shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Qozog‘iston muntazam chempionatining “Saryarqa” jamoasi 11 o‘yinda 17 ochko jamg‘arib karvonboshilik qilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA