Mamlakatimizda xotin-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ta’lim olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ularning kasb-hunar o‘rganishi, bandligi ta’minlanishi, ijtimoiy-siyosiy faolligi oshirilishi, turli sohalarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar ta’minlanmoqda.
Bu Senatda bo‘lib o‘tgan oliy ta’lim muassasalarining “Qizlarjon” klubi raislari hamda xotin-qizlar maslahat kengashi raislari bilan uchrashuvda qayd etildi.
Senatorlar tomonidan keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati yuzasidan ma’lumot berildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlari haqida, shuningdek, Konstitutsiyaga kiritilgan yangi normalarning ahamiyati xususida keng tushuncha berildi.
Muloqot davomida xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi.
Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglikni ta’minlash, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarning bandligini ta’minlash orqali ularni himoya qilish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan samarali muhofazalashga qaratilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
O‘zbekistondagi muhim siyosiy tadbirlardan biri bo‘lgan parlament va mahalliy kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlariga to‘xtalib o‘tildi.
Mazkur saylov ilk bor yangi tahrirdagi Konstitutsiya va saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq o‘tkazilayotgani qayd etildi.
Aytib o‘tish kerakki, ayollarning siyosiy hayotdagi faolligini oshirishga e’tibor qaratilib, Saylov kodeksiga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi bo‘lishi zarurligi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yildi.
Tadbirda saylovoldi tashviqoti doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari haqida ham ma’lumot berildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
N.Abduraimova, O‘zA