MUTOLAA ZAVQI. Matnazar Abdulhakim

Baxt izladim men dala, dashtdan,
Orzuim bol, umidim — asal…
Matnazar Abdulhakim 1948 yil 20 fevralda Xorazm viloyatining Urganch tumanida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2000). Rossiyaning Taganrog shahridagi Rus tili va adabiyoti institutini tamomlagan. “Tiniq tonglar” (1982), “Fasllar qo‘shig‘i” (1984), “Qor qo‘shig‘i” (1990), “Yonimdagi daryolar” (1993), “Qorachikdagi dunyo” (1994), “Bir kuchoq gul”, “Oydinlik” (1997), “So‘nggi yaproq” (1999) kabi kitoblari nashr qilingan. Shayx Najmiddin Kubro, Shayx Majdiddin Bag‘dodiy, Pahlavon Mahmud, Mirzo Bedil asarlarini forsiydan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
* * *
Baxt izladim men dala, dashtdan,
Orzuim bol, umidim — asal.
Onaginam!
Seni aldashdan
Halokatni sanadim afzal.
Sarmast qildi chamanlar vasli,
Qayg‘urmadim, rizqu ro‘zimni.
Yashadim men bag‘ishlab, asli,
Faqat o‘zgalarga o‘zimni.
Bilmam, uchdim qanchalar chaqrim,
Goh mag‘lub, goh g‘olib keldim men.
Bol deb mehrim, asal deb faxrim –
Topganimni olib keldim men.
Gullar ichdim ichgandek qasam,
Loyiq bo‘ldim zahmatkash safga.
Balki… balki yanglishib ba’zan,
Qo‘nib qo‘ydim sassiq alafga.
Noz bo‘ylardan uyg‘onib sahar,
Uchmoqqa yo‘q, ehtimol, haqqim.
Balki, asal deganim zahar,
Bol deganim, ehtimol, zaqqum.
Xullas, o‘zing bilasan, onam,
Sen ming sirdan xabardor hakim.
Xohla, meni qabul et, mana,
Xohla, mana, bo‘g‘ib tashlagin.
BAXT
Mukammal bu go‘zalligingni
Yonib qilgim keladi ta’rif,
Biroq, ne qilayki, qoshingda
Eng qudratli kalomlar g‘arib.
Visolingni qilsam-da havas,
Mehrim izhor etmadim hech vaqt.
Sen bilan bir havodan nafas –
Olish o‘zi menga katta baxt.
Bir qayrilib tashlasang nigoh,
Yurak to‘lar so‘nmas ziyoga…
Seni bir bor ko‘rish-chun faqat
Kelib ketsa arzir dunyoga.
 
TARJIMAI HOL
Ko‘rinmasdim har kim-har kimga,
Men — saharlar ufurgan nafas.
Gardsizligim, tozaligimga
Cheksizliklar qilardi havas.
Bir tong nogoh bo‘ldim men shabnam,
So‘ng bulutga, yomg‘irga do‘ndim.
Maysalarga aylandim kam-kam,
Tuproq bo‘lish dardiga ko‘ndim.
Ming yilliklar turkum va turkum
Qorildilar zulmat, ziyoga.
Saodatli qandaydir bir kun
Daraxt bo‘lib keldim dunyoga.
Hayot bir yo‘l — so‘ngsiz, betimsol,
Ming tirilib, ming o‘lib chopdim.
Nasib bo‘ldi noyob bir visol,
Jonzot bo‘lib tavallud topdim.
Qanoatlar, toqat, sabrlar
G‘ildiragi aylandi gir-gir.
Kechdi necha tuman davrlar,
Inson bo‘lib tug‘ildim axir.
Endigina orom topib jon,
Yetdi desam tolega xush gal,
Har to‘kisda — necha ming nuqson,
Har to‘kisda — necha ming ishkal.
Zulmat to‘ydi, yutib ziyoni,
Zulmatlarga ziyo ham to‘ydi.
Diydoriga to‘ydim dunyoning,
Diydorimga dunyo ham to‘ydi.
Qo‘ying, so‘ylab bo‘lmay men nolon,
Siz ham tinglab bo‘lmangiz halak.
Shu o‘zingiz bilgan to‘polon,
Shu o‘zingiz bilgan charxpalak.
Nomard bo‘lay agar nolisam,
Boshqa tirilmayman, o‘lmayman.
Bir qutulsam, bir ketib olsam,
Dunyoga men boshqa kelmayman.
IMKONIYAT
G‘amginlik kam emas qullikdan,
Lekin mahbusman deb nolish — uyatdir.
Har lahza, har nafas bu tutqunlikdan
Xalos bo‘lmoq uchun imkoniyatdir.

 

O’zA