MUTOLAA ZAVQI. Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530)

Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim…
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim.
Jonimdin o‘zga jonni dilafkor ko‘rmadim,
Ko‘nglum kibi ko‘ngulni giriftor topmadim.
Usruk ko‘ziga toki ko‘ngul bo‘ldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim.
Nochor furqati bila xo‘y etmisham, netay,
Chun vaslig‘a o‘zumni sazovor topmadim.
Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko‘ngul,
Nechaki borib eshigiga bor topmadim.
Bobur, o‘zungni o‘rgatako‘r yorsizki, men
Istab jahonni muncha qilib yor topmadim.
* * *
Kim ko‘rubtur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘,
Kimki ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘.
Bu zamonni naf’i qilsam ayb qilma, ey rafiq,
Ko‘rmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshilig‘.
Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko‘ngluma,
Kelmadi jonimg‘a hech oromi jondin yaxshilig‘.
Ey ko‘ngul, chun yaxshidin ko‘rdung yomonlig‘ asru ko‘p,
Emdi ko‘z tutmoq ne ya’ni har yomondin yaxshilig‘.
Bori elga yaxhshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.
Yaxshilig‘ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim ko‘rubtur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘.
* * *
Ne vafo umrumda ul jonu jahondin ko‘rgamen,
Kim vafo jondin ko‘rubdurkim, men ondin ko‘rgamen.
Ko‘z yo‘lidin ul sari husnun nazar aylar edim,
Qon yoshim ul yo‘lni tutti, emdi qondin ko‘rgamen.
Yorab, ul kun shum toli’din manga bo‘lg‘aymukim
Jonima orom ul oromi jondin ko‘rgamen.
Ko‘z ko‘rar, lekin solur meni balog‘a bu ko‘ngul,
Bu baloni necha chashmi xunfishondin ko‘rgamen.
Bartaraf qilg‘il vafo istarni eldin, Boburo,
Ul g‘alatdurkim, vafo ahli jahondin ko‘rgamen.
* * *
Sendek menga bir yori jafokor topilmas,
Mendek senga bir zori vafodor topilmas.
Bu shaklu shamoyil bila xud huru pariy sen
Kim, jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas.
Ag‘yor ko‘z ollidaku ul yor ayon yo‘q,
G‘amxore ko‘ngul ichrayu g‘amxor topilmas.
Ey gul, meni zor etmaki, husnung chamanida
Ko‘zni yumub ochquncha bu gulzor topilmas.
Bobur, seni chun yor dedi, yorlig‘ etgil,
Olamda kishiga yo‘q esa yor topilmas.
* * *
Charxning men ko‘rmagan jabru jafosi qoldimu?!
Xasta ko‘nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?!
Meni xor etti-yu qildi muddaini parvarish,
Dahri dunparvarning o‘zga muddaosi qoldimu?!
Meni o‘lturdu jafoi javr birla ul quyosh,
Emdi turguzmak uchun mehru vafosi qoldimu?!
Oshiq o‘lg‘och ko‘rdim o‘limni o‘zimga, ey rafiq,
O‘zga ko‘nglimning bu olamda harosi qoldimu?!
Ey ko‘ngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb,
Tengri uchun de bu olamning safosi qoldimu?!

 

O’zA