Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Bu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy taraqqiyotiga katta zarar yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining buzilishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining dolzarb masalalari qatoridan o‘rin olgan. Chunki hozirgi davrda ushbu illat ko‘plab davlatlarning iqtisodiy va siyosiy salohiyatiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsata oldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan “Korrupsiya – mamlakat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi illat” nomli tadbirda aynan shular haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi va Nukus shahar prokuraturasi vakillari ishtirok etib, korrupsiyaning kelib chiqishi, uning ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy zarari, unga qarshi kurashishning huquqiy asoslari va mexanizmlari, bu borada mamlakatimizda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, ularning mazmun-mohiyati, asosiy tamoyillari haqida ma’lumot berildi.
Ma’lumki, 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, mamlakatimizda unga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar sharoitida davlat qurilishi va huquqiy siyosatning mazmun-mohiyatini aniqlashtirish, uning maqsad va vazifalarini islohotlarning bugungi taraqqiyoti asosida shakllantirib borish, inson manfaatlarini ta’minlashning strategik jihatdan yangi vositalari bilan bir qatorda, taktik xususiyatga ega bo‘lgan yangi usullarni qo‘llash, shaxs va jamiyat manfaatlarini yanada samarali himoya qilish, korrupsiyaning oldini olishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelishi bilan belgilanadi.
Tadbirda 2024 yil 5 iyun kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati ham tushuntirildi. Qonunda davlat organlarining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma, shaxsiy manfaat, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar kiritilganligi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.