O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Respublikada ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga muvofiq, 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab ovchilik xo‘jaligi tashkil etishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:

a) ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklari hududida amalga oshiriladi va ovchilik xo‘jaliklari hududidan tashqarida ov qilishni amalga oshirish taqiqlanadi (tabiiy suv oqimlarida, shuningdek kanallarda va kollektor-drenaj tarmoqlarida umumiy foydalanish tartibida jismoniy shaxslar tomonidan baliq tutish, yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish maqsadida ov qilish hamda Ekologiya vazirligi tomonidan belgilangan tartibga asosan erkin ov qilish hududlarida ov qilish bundan mustasno);

b) ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar hamda o‘rmon fondi yerlaridan 10 gektargacha yer uchastkasi ovchilik bazalari va 100 gektargacha yer uchastkasi pitomniklar barpo etish uchun bitta lot sifatida investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni belgilagan holda yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali 49 yil muddatga quyidagi bosqichlarda ijara huquqi asosida ajratiladi:

birinchi bosqichda -10 yil muddatga;

investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni bajarish natijalariga ko‘ra:

ikkinchi bosqichda – 10 yil muddatga;

uchinchi bosqichda – 29 yil muddatga.

Bunda, ikki yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror ko‘paytirish uchastkasi tashkil qilinmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi;

v) elektron onlayn-auksion g‘olibi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga ovchilik xo‘jaliklariga (ovchilik bazalari va pitomniklarga) tutash hududdagi ov qilish joylari Ekologiya vazirligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun biriktirib beriladi. Bunda:

biriktirilgan ov qilish joylaridan foydalanganlik uchun undiriladigan yillik haq miqdori Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadi;

elektron onlayn-auksion g‘olibi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun tutash hududdagi ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomani tuzishdan bosh tortgan taqdirda, elektron onlayn-auksion natijalari bekor qilinadi va yer uchastkalari qayta elektron-onlayn auksion savdolariga chiqariladi;

g)  ovchilik xo‘jaliklari:

Ekologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan formatda ishlab chiqilgan va kelishilgan 10 yilga mo‘ljallangan texnik-iqtisodiy asosnoma materiallari asosida faoliyat yuritadi;

pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni to‘liq bosqichda yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan holda o‘zlariga biriktirilgan ov qilish joylariga qo‘yib yuborilgan yovvoyi hayvonlar soniga teng miqdorida yovvoyi hayvonlarni Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartib asosida, ularning urchish paytlaridan tashqari yil davomida ov qilishni tashkil etadi. Bunda, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma olish talab etilmaydi;

d) yovvoyi hayvonlarning urchish paytlari Zoologiya institutining xulosasi asosida belgilanadi.

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab ovchilik guvohnomasini berishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:

ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish joriy etiladi;

ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Ekologiya vazirligi huzuridagi Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti tomonidan 2 yil muddatga beriladi;

ovchilik guvohnomasi berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot jismoniy shaxslarning pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlariga integratsiya qilinadi;

ovchilik guvohnomasini olish uchun o‘quv kurslari bioxilma-xillikni asrash, hayvonlarning turlari va anatomiyasi, ov qilish qoidalari, ov qilish etikasi va ov usullari hamda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus bilimlar o‘rgatilishini nazarda tutgan holda Departament yoki ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etiladi;

ovchilik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish uchun o‘quv kurslarida qayta o‘qish talab etilmaydi;

ovchilik guvohnomasini rasmiylashtirganlik uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida, nafaqadagi va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi;

ovchilik guvohnomasini berish tartibi va ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni o‘quv kurslarida o‘qitish tartibi Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadi.

O‘zA