O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 iyul kuni mamlakatimizda mutlaqo yangi soha bo‘lgan atom energetikasini barpo etish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalarigabag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Dunyoda gaz, neft, ko‘mir va boshqa manbalarga bo‘lgan talab kun sayin ortmoqda. Bu, o‘z navbatida, ushbu resurslar zaxirasining keskin kamayib ketishiga olib kelayotir. Shuning uchun butun bashariyat – ehtiyoj uchun ishlatiladigan resurslarning muqobilidan foydalanishga harakat qilmoqda. Shulardan biri tinchlik maqsadlari yo‘lida atom elektr energetikasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda jahonning 30 dan ziyod mamlakatida atom elektr stansiyalaridan samarali foydalanilmoqda. Bu mamlakat iqtisodiyotiga katta foyda keltirish bilan birga, tabiiy resurslar tejalishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 69 milliard kilovatt-soatni tashkil etadi. Bu quvvatning qariyb 85 foizi gaz va ko‘mir yoqish orqali, qolgan 15 foizi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Buning uchun yiliga 16,5 milliard kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut va 2,3 million tonna ko‘mir sarflanadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, iqtisodiyot o‘sishi, aholi soni va turmush darajasi oshishi evaziga 2030 yilda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 117 milliard kilovatt-soatga yetadi. Buning uchun yangi quvvatlar tashkil etish kerak bo‘ladi.
– Agar ushbu quvvatni ta’minlash uchun tabiiy gaz va ko‘mirdan foydalanishni davom ettiraversak, ularning mavjud zaxirasi ma’lum vaqtdan keyin tugab qolishi mumkin. Bu esa kelajak avlod oldida kechirib bo‘lmaydigan xato va jinoyat bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois mamlakatimizda tinch maqsadlarda foydalanish uchun ekologik toza va uzoq muddat tugamaydigan atom energetikasini barpo etishga kirishildi. Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur kompleks 2energoblokdan iborat, har birining quvvati 1 ming 200 megavatt bo‘ladi. Uni 2028 yilgacha to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Atom elektr stansiyasi barpo etilishi natijasida yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu manba qayta ishlanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi. Agar tejalgan gazni qayta ishlamasdan eksport qilgan taqdirda ham, O‘zbekistonga yiliga 550-600 million dollar valyuta tushadi.
Atom energiyasi ekologik toza, bunday stansiyalar zararli is gazini hosil qilmaydi. Natijada mamlakatimizda tabiiy gazni yoqishdan hosil bo‘ladigan va atrof-muhitga tarqaladigan is gazi hajmi yiliga 3 million tonnaga kamayadi.
Yig‘ilishda atom elektr stansiyasini qurish, undan foydalanish bilan bog‘liq tashkiliy-texnik va amaliy ishlar muhokama qilindi.
Prezidentimiz shunday obyektlarni qurish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ish tutish, atom elektr stansiyasini joylashtirish bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish va geologik-qidiruv ishlarini sifatli bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mamlakatimizda yangi bo‘lgan ushbu sohaga doir normativ-huquqiy baza yaratish, “Atom energiyasidan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun va tegishli qaror loyihalarini ishlab chiqish, ularning MAGATE talablari va xalqaro hujjatlarga muvofiqligiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
– Bu boradagi barcha ishlarni muvofiqlashtirish, hujjatlarni tayyorlash, loyihalashtirish ishlari va muzokaralar olib borish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi tashkilot tuzish kerak. Shu bilan birga, ushbu tashkilot huzurida atom elektr stansiyasi qurish direksiyasini ham tuzish zarur. Keyinchalik ushbu direksiya atom elektr stansiyasining operatori bo‘lib qoladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Ma’lumki, atom elektr stansiyasi qurish va undan foydalanishda eng zamonaviy va murakkab texnologiyalar qo‘llaniladi. Buning uchun esa chuqur bilim va yuqori malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar kerak. Shu bois Toshkentda fizika sohasida dunyoda yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Moskva muhandislik-fizika instituti filialini ochish mo‘ljallanmoqda.
Shuningdek, fizika va texnika yo‘nalishlaridagi oliy o‘quv yurtlarini bitirgan salohiyatli kadrlarni tanlab olib, ularni Moskva va Minsk shaharlariga o‘qishga hamda atom elektr stansiyalarida tajriba orttirishga yuborish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
– Ushbu loyihani amalga oshirishda mutlaqo boshqacha tizim yaratamiz, bu borada biron-bir byurokratik to‘siqlar bo‘lishiga umuman yo‘l qo‘yilmaydi, – dedi Prezidentimiz. – Chunki har tomonlama uzoqni ko‘zlab rejalashtirilgan ekologik toza va zararsiz ushbu yirik loyiha mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga, xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda har bir bosqichdagi ishlarni puxta ishlab chiqish va amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.