Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj 3 nafar yoshga yangi uylarning kalitlari topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarning har tomonlama rivojlanishi uchun berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, turar joylar bilan ta’minlash, ularni oilaviy bolalar uylariga joylashtirish, hayotga tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish tizimini takomillashtirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar kelajak egalari bo‘lgan yosh avlod vakillarining hayotda va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga, Vatanga foydasi tegadigan inson bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.

Yangi xonadon egalari bo‘lgan yoshlar alohida e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri