Yo‘lnoma

Ko‘ngil dastxati
G‘ULOM MIRZO
 
Yo‘lnoma
 
“O‘zbekiston eng tezyurar poyezdlarga ega mamlakatlar bo‘yicha dunyo reytingida 17-o‘rinda qayd etildi va bu borada AQSHdan ham o‘zib ketdi”. Internet xabari
“Afrosiyob”: Toshkentu Qarshi;
tezlik – 255 kilometr/soat –
Shoshdan chiqib ketyapman shitob.
Qatorlarni quvar betoqat
jigarrang to‘p misoli oftob.
Shoshayapman,
quyosh ham shoshar,
g‘ildiraydi necha tom osha.
Mo‘ltib chiqdi Sirdaryoga ham,
mana, sizga tongdan tomosha.
Derazada boshlandi dashtlar,
oftobimda susaydi shashtlar.
Shaharlik-da,
qaydan ham bilsin,–
kengliklardan olmoqni gashtlar.
Jizzax.
Dovon oshyotgan onim,
bo‘m-bo‘sh ko‘rdim xira samoni.
Yo‘q, har holda, oynam oldida
uchratmadim kun – bevafoni.
Yuzin to‘sgach abrlar ila,
ketaverdim
sabrlar ila.
Yo‘l tanobi yig‘lab ko‘rishdi
sog‘inch otlik jabrlar ila.
So‘ng suratin chizdi tog‘larda,
ba’zan qolib ketdi bog‘larda.
(Ishq sarg‘aytgan chehrayi zardin
qizg‘andimi bizdek “sog‘”lardan?)
Yarqiradi qilichdek daryo,
sharqiradi yashil qon,
har yon
daraxtlar qo‘l ushlashib go‘yo
chekindilar ortga – Shosh tomon.
Ortda yo‘llar – arshin va arshin.
Oldda yo‘llar – arshin va arshin.
oraliqda uchqur robita –
“Afrosiyob”:
Toshkentu Qarshi.
Jangovar saf arobalari
kabi o‘tar
uylar karvoni.
Ko‘hna kentlar xarobalari –
moziylarning o‘lmas dostoni.
Qo‘sh torining havozasini
navolarga rostlagach
oqin, –
Amir Temur darvozasidan
kuydek kirar lojuvard oqim.
Samarqanddan otlanib,
Temur
qancha muddat yurgan Kashk[1]kacha?
Ot ustida o‘tgan bir umr…
Ammo, bugun – davr boshqacha.
…Ko‘k bag‘rida charx urar lochin,
balki bizni quvib o‘tmoqchi?!.
Qanotlari toldi – jonhalak
va shiddatdan chirpirak
ochun.
Bor bo‘lsin yo‘l,
rabot, rastalar!
Ey, sog‘inchdan ko‘ngli xastalar,
poyingizga gilam bo‘lmoqda
daraxtlar – shu g‘uj guldastalar.
Yo‘l og‘moqda Nasafga sari,
safarim tez bormoqda qarib.
Bekat. Gavjum.
Qarshim kutmoqda –
Oylar oyi, kunlar sarvari!

 

O’zA