Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida keyingi yillarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, moddiy-texnika bazasi mustahkamlanmoqda.

Ayniqsa, o‘qitish, malakali mutaxassislar tayyorlash sohasiga xalqaro tajriba, tartib va me’yorlarni joriy etish, rivojlangan mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada 40 dan ortiq tibbiy ixtisoslik bo‘yicha 11 ming nafardan ziyod talaba tahsil olayotgan Andijon davlat tibbiyot institutida salmoqli ishlar olib borilyapti.

– Institutimiz dunyoning qator rivojlangan davlatlaridagi o‘nlab oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Farrux Rasulov. – Ayniqsa, Rossiya Federatsiyasidagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ayni kunda institut Rossiya Federatsiyasi Privoljskiy nomidagi tibbiy tadqiqot universiteti bilan stomatologiya (yuz-jag‘ jarrohligi) klinik ordinatura (1+1) yo‘nalishi, Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti bilan stomatologiya bakalavriat ta’lim (3+2) yo‘nalishida, shuningdek, Qozon federal universiteti, I.P.Pavlov nomidagi Sankt-Peterburg 1-davlat tibbiyot universiteti, Sankt-Peterburgdagi I.I.Mechnikov nomli Shimoliy-G‘arbiy davlat tibbiyot universiteti, V.A.Almazov nomidagi Milliy tibbiy ilmiy tadqiqot markazi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

Jumladan, ana shu hamkorlik doirasida 2019 yilda Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti bilan stomatologiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan 3+2 qo‘shma ta’lim dastur doirasida bugungi kunda 51 nafar talaba tahsil olmoqda.

Birgina joriy yilning o‘zida institutda Rossiya oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot markazlari, rossiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda “Profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash”, “Urologik kasalliklarni davolashga innovatsion yondashuv”, “Bolalar jarrohligi xirurgiyasi muammolari” mavzularida xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazildi.

2023-2024 o‘quv yilida institutga rossiyalik 32 nafar olim va mutaxassis tashrif buyurdi. Katta tajriba va yuqori malakaga ega ana shu mutaxassislar tomonidan talaba hamda o‘qituvchilar uchun tibbiyotning dolzarb masalalari yuzasidan ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, mahorat darslari o‘tkazildi.

Institut professor-o‘qituvchilari, mutaxassislarining Rossiya Federatsiyasi oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot markazlarida tajriba va malakasini oshirish borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2023 yil va joriy yilning o‘tgan davrida 45 nafar institut o‘qituvchi hamda mutaxassisi aynan Rossiya davlatida malaka oshirib qaytdi.

– Men bir guruh hamkasblarim bilan Qozon federal universitetida ichki kasalliklar yo‘nalishida malaka oshirib keldim, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti o‘qituvchisi Sojida Xolmirzayeva. – Rossiyalik hamkasblarimizning ichki kasalliklar bo‘yicha o‘qitishning ilg‘or uslublari, o‘qitishga xalqaro andozalarning tatbiq etilishi borasidagi tajribalarini o‘rgandik. Bu albatta faoliyatimizni samarali olib borishga yaqindan yordam beradi.

Rossiya tibbiyot sohasida dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin oladi, ulardan o‘rganadigan narsalarimiz ko‘p. Ular bilan hamkorligimiz bizga faqat foyda keltiradi.

Institutning Vrachlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash, akusherlik va ginekologiya kafedrasi tayanch doktoranti D. Egamberdiyeva ilmiy ishlarini rivojlantirish maqsadida Ural davlat tibbiyot universitetida qisqa muddatli stajirovka o‘tab kelgan. U stajirovka davomida ilmiy ishi yo‘nalishida o‘zining bilim va malakasini yanada boyitganligini alohida e’tirof etdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Andijon davlat tibbiyot institutining Rossiya oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot markazlari bilan hamkorligi yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda. Har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lgan hamkorlik, albatta, o‘zining ijobiy natijalarini beradi.

F.Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.