Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlar, mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot davri natijalarini chuqur tahlil qilgan holda, keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish ustuvor vazifaga aylandi. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqi va manfaatini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga urg‘u berilmoqda. Jumladan, islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

“Yangi O‘zbekiston istiqboli: iqtisodiyot, ta’lim, menejment va biznes” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ham ayni farmon ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

“International school of Finance and Technology” instituti tomonidan tashkil etilgan mazkur anjumanda iqtisodiyot, ta’lim, menejment, biznesda yaratuvchilikni oshirish masalasi ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, zamonaviy iqtisodiyot fanlari konsepsiyasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish vazifasiga alohida e’tibor qaratildi.

Darhaqiqat, bugungi globallashuv sharoitida xalqaro iqtisodiy munosabatlar, muammo va yechimlar, bank-moliya tizimini transformatsiyalashtirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, innovatsiya va iqtisodiyotni raqamlashtirish sharoitida turizm salohiyatini oshirish, yangilanayotgan O‘zbekistonda ta’lim islohoti va biznes boshqaruvini takomillashtirish, yashil iqtisodiyotni moliyalashtirishga jahon tajribasini tatbiq etish muhim sanaladi.

AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Germaniya va boshqa xorijiy mamlakatlardan 30 ga yaqin olim qatnashgan tadbirda buxgalteriya hisobi, korporativ-moliyaviy boshqaruv, ta’lim va atrof-muhit hamda “yashil” iqtisodiyot mavzularida ma’ruza qilindi.

– Men konferensiyada kelajakka daxldor taraqqiyot uchun muhim bo‘lgan Islom moliyasi tushunchasiga e’tibor qaratdim, – dedi Durham Islom iqtisodiyoti va moliya markazi direktori, professor Mehmet Asutay. – Eng muhimi, islomiy moliya jamiyat qadriyati tizimi, namunaviy iqtisodiyot doirasida faoliyat olib borishi kerakligini tushuntirishga harakat qildim. Mazkur namunaviy iqtisodiyot kundalik hayotga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini kuzatib boryapmiz. Dunyoning ko‘plab davlatlari qatori O‘zbekiston ham taraqqiyotni moliyalashtirish, jamiyat farovonligini oshirish yo‘lida rivojlanishga intilmoqda. Ishonamanki, O‘zbekiston Islomiy moliyaning yangi modelini ishlab chiqa oladi.

Konferensiya yakunida bildirilgan taklif, tavsiya va mulohazalar asosida rezolyutsiya qabul qilindi.

Mahabo Madaminova,

O‘zA