O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar hamda vazirlik va idoralar markaziy apparatlarining boshqaruv kadrlari uchun maxsus seminar o‘z ishini boshladi.

Tadbirning ochilish marosimida Akademiya rektori Adham Bekmurodov davlat organlarida ishlarning samaradorligi zamon bilan hamnafas yetuk kadrlarga bog‘liq ekanini qayd etdi.

Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlarida ham xodimlar malakasini oshirib borishga ustuvor ahamiyat beriladi. To‘g‘ri, xodim oliy ma’lumotli, o‘z ishini yaxshi bajarayotgan bo‘lishi mumkin, lekin u malakasini oshirib bormas ekan, o‘sishdan to‘xtab qoladi.

Yevropaning ayrim davlatlarida xodimga bir yilda bir marta malakasini oshirishi uchun ma’lum muddatga ta’til beriladi. Shu vaqt ichida u o‘zi tanlagan yo‘nalishda malaka oshiradi va  sertifikati bilan yana ishga qaytadi. Malaka oshirish tajribasi Janubiy Koreyada ham rivojlangan. O‘zbekiston bu yo‘nalishda mazkur mamlakat bilan tajriba almashmoqda.

Akademiya rektori tinglovchilar bilan ochiq muloqot qilib, malaka oshirish jarayoni faqat bilim berish emas, balki professor va o‘qituvchilarga ko‘proq savollar berib, ko‘proq ilm egallashga, ko‘proq tajriba orttirishga qaratilsa, samarali bo‘lishiga e’tibor qaratdi.

Seminarning birinchi kunida yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasini qabul qilish zarurati, avvalgi qomus bilan farqli jihatlari, mustahkamlangan yangi tamoyillar haqida so‘z yuritildi.

27 maydan 1 iyungacha davom etadigan malaka oshirish kursi yakunida tinglovchilar egallagan bilimi test sinovlari orqali aniqlanadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

N.Abduraimova, O‘zA