Yangi farmon

Inson kapitali mamlakatning muhim milliy boyligi va uning har tomonlama taraqqiy etishida oliy ta’lim tizimining o‘rni beqiyos. Shu bois so‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar sabab, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan, professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan yangi avlod kadrlarini tayyorlash yangi bosqichga olib chiqildi.

Jumladan, ushbu o‘zgarishlarni quyidagi raqamlar misolida ham ko‘rish mumkin. 2016/2017 o‘quv yilida mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari soni 70 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular soni 214 taga yetdi. OTMlar soni ortishi bilan birga ulardagi qabul ko‘rsatkichlari ham sezilarli darajada ko‘paydi. Hozirda oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotasi 2016 yilgi 9 foizdan 42 foizga yetkazildi.

Shuningdek, pedagog va talabalarning, ilm olish, o‘qib izlanishlari uchun yaratib berilgan sharoitlar sabab, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyati 41 foizga yetkazildi. Bunda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar soni 2023 yil yakuniga kelib 6 265 nafarni tashkil qilib 26,4 foiz o‘sishga erishildi. OTMlar uchun 146 nomdagi 23 900 adadli o‘quv adabiyoti, professional ta’lim muassasalari uchun esa 65 nomdagi 49,2 ming nusxa maxsus fanlardan adabiyotlar nashr etilib, ta’lim maskanlariga yetkazildi.

Natijada bugunga kelib, “QS Fan sohalari reytingi”da 2 ta oliygoh 4 ta fan sohasi bo‘yicha “Top-500”, “QS Osiyo universitetlari reytingi 2024” ro‘yxatida 14 ta oliygoh “Top-1 000”, “QS barqarorlik – 2024” reytingida 3 ta oliygoh “Top-1 000” universitetlar ro‘yxatidan joy oldi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida esa 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1 000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish maqsad qilingan.

Bu kabi oliy ta’lim tizimida erishilayotgan ijobiy natijalarga yana ko‘plab misollar keltirib o‘tish mumkin, albatta. Ammo, barchamiz uchun ustuvor bo‘lgan vazifa bu o‘tgan vaqt davomida orttirilgan tajribalardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda sohani yanada taraqqiy ettirish, oliy ta’lim olish istagida bo‘lgan yoshlarimiz uchun kengroq imkoniyatlar yaratib berishdir.

Davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda unda belgilab berilgan vazifalar ana o‘sha maqsadlarni amalga oshirishda muhim dasturilamal hujjat bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir.

Farmonda belgilanganidek endilikda, 2024/2025 o‘quv yili qabulidan boshlab davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi. Albatta, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari mustasno sanaladi.

Shuningdek, davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning tanlovi va to‘plagan ballariga ko‘ra amalga oshiriladi. Bunda bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratiladi.

Ya’ni, ta’lim granti birinchi kursda oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratilsa, ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting ko‘rsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi.

O‘ylaymizki, ushbu adolatli ta’lim tizimining ishga tushirilishi minglab yoshlarimizga rag‘bat bo‘lib, ularni o‘qishga kirgandan keyin ham sog‘lom raqobat ruhida o‘z ustilarida yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Chunki, amaldagi tizimda arzimas bir kichik xatolikni deb kontarktga tushib qolgan abituriyentlar oilaviy va iqtisodiy muammolari sabab bir yil vaqtini yo‘qotishga yoki bo‘lmasa, to‘rt yil qiynalib kontrakt to‘lab ta’lim olishga majbur bo‘lib kelishayotgan edi.

Farmon bilan kiritilayotgan yana bir muhim o‘zgartirish bu 2025 yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq ravishda to‘rt yillik davr uchun tasdiqlanishidir. Ushbu tizim ham kelajakda zamon talablari asosida kadrlarni tayyorlash hamda bitiruvchi kadrlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, farmonda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish bali tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballarini hisobga olgan holda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanishi, magistratura mutaxassisliklari va oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat talablarining yengillashtirilishi hamda imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentga ushbu imtiyozdan takroran foydalanishga ruxsat etilmasligi kabi ko‘plab ijobiy o‘zgartirishlar ko‘zda tutilgan.

Ushbu o‘zgartirishlar yoshlarimizga o‘zlari qiziqqan soha va yo‘nalishda oliy ta’lim olib, o‘z bilimlarini mustahkamlash orqali ertangi kunda mamlakatimiz taraqqiyotini belgilovchi kadrlar bo‘lib yetishishida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Maxfirat XUSHVAQTOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA