Yangi farmon

O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiya bo‘lishi yangi tartib va tamoyillarning amaliyotga joriy qilish ehtiyojini yuzaga keltirmoqda. Ushbu jarayonlarda aholining huquqiy ongi va madaniyati yuksak bo‘lishi taqozo etiladi. Aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishda adliya organlarining oldida jiddiy vazifalar turibdi.

Shu maqsadlarning ifodasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.

Farmonga ko‘ra endilikda adliya organlari fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etishda mutlaqo yangicha tizim asosida ishlashga o‘tadi.

Bunda adliya organlarining qo‘shimcha 4 ta yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.

Farmondan ko‘zlangan eng asosiy maqsad esa adliya organlari ko‘proq odamlar orasida, mahallalarda bo‘lib, ularning dard-u tashvishlarini tinglab, muammolarini birgalikda hal etishga ko‘maklashadilar.

Shu munosabat bilan quyi bo‘g‘in – adliya bo‘limlariga 6 ta yangi vazifa yuklatildiki, ushbu vazifalardan ko‘zlangan eng asosiy maqsad joylarda aholi ko‘tarayotgan dolzarb muammolarni hal qilish, fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilish, ularning huquqiy muammolarini mahallaning o‘zida hal qilish hamda aholiga, avvalambor ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash hisoblanadi.

Farmonda adliya organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish orqali jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadi ko‘zlangan.

Shuningdek, Farmonga asosan maktablarda huquqiy tarbiya va ta’limga alohida e’tibor berilmoqda.

Bu orqali yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab chuqurroq o‘rgatish maqsadlari ko‘zda tutilgan.

Misol uchun, maktablarda Huquq sinflari tashkil etilishi, Huquq olamiga sayohat o‘quv dasturlari joriy etilishi hamda elektron platforma orqali huquq fani o‘qituvchilarining uzluksiz kasbiy bilimlari oshirilishi so‘zimizning isbotidir.

Mamlakat kelajagi – qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan” g‘oyasi yoshlarda turli salbiy omillarga nisbatan HUQUQIY IMMUNITETNI shakllantirishga xizmat qilish shak-shubhasizdir!

Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim shartlaridan biri bu huquqiy madaniyatning yuqoriligi hisoblanadi. Huquq odamni madaniylashtiradi. Buning natijasida ijtimoiy barqarorlik kelib chiqadi.

Shu bois Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatiniaholiga yetkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-iyunidan davlat organlariga huquqiy axborotni yetkazish bo‘yicha Yagona huquqiy axborot almashish tizimi ishga tushiriladi.

Yana bir muhim masala joriy yilning 1-iyulidan Madad” nodavlat tashkilotining barcha tuman va shaharlarda maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;

Farmonda huquqni qo‘llashni metodik ta’minlash bo‘yicha ham alohida choralar belgilanmoqda, sohaga bevosita Adliya vazirligi mas’ul hisoblanadi.

Bu borada asosiy maqsad – huquqni turlicha qo‘llashni bartaraf etish, namunaviy ish yuritish tizimiga erishish hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 200 dan ortiq davlat xizmatlari markazlarida aholiga 350 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Xalqimizning roziligiga erishish maqsadida davlat xizmatlarini ortiqcha yugur-yugurlarsiz qulay va tez olish tizimi shakllantirildi va rivojlantirib borilmoqda.

Farmon bilan markazlar orqali yana 13 ta yangi xizmatlar joriy etilmoqda. Yil yakuniga qadar davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilinadi va fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etilmaydi. Aholi gavjum joylar, mahallalar 24/7 rejimida onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan interaktiv kiosklar bilan bosqichma-bosqich ta’minlanadi, yil yakuniga qadar DXMlar va Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan 13 ta yangi davlat xizmatlari joriy etiladi, 18 ta xizmat proaktiv va kompozit shakllariga o‘tkaziladi, 15 ta davlat xizmati yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan agent sifatida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Yana bir muhim yangilik, 2025-yil 1-yanvardan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlari yagona elektron bazasi – Aholining yagona elektron reestri joriy etiladi;

Shuningdek, Adliya vazirligining bir qator muassasalarini birlashtirgan holda yaxlit ikkita institut tashkil qilinmoqda, bular Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti.

Hujjatga muvofiq, Adliya vazirligi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida Apellyatsiya kengashlari tashkil qilinmoqda.

Mazkur apellyatsiya kengashlari ma’muriy organlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ma’muriy hujjatlarini sudgacha ko‘rib chiqish natijasida ushbu hujjatlarni o‘zgartirish, qisman yoki to‘liq bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.

Mazkur tartibning joriy etilishi birinchi galda aholining manfaatlariga xizmat qilib, ularning sudma-sud ortiqcha ovora bo‘lib yurishining oldini oladi, davlat xizmatlari ko‘rsatilishida yo‘l qo‘yilgan xatolarni sudgacha bo‘lgan tartibda tuzatish imkonini beradi.

Shuningdek, Farmon bilan intellektual mulk sohasida vazirlikka bir qator huquqlar berildi.

Umuman olganda, mazkur Farmon bilan adliya organlari faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanishi asnosida, aholiga yanada qulaylik va yengilliklar yaratishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etildi.