O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, investitsiya loyihalari ijrosining borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2-iyun kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon viloyati ham izchil rivojlanmoqda. Shahar va qishloqlar qiyofasi o‘zgarib, odamlarning turmush farovonligi oshib bormoqda.
Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yirik sanoat korxonalari, kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy obyektlar, ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi. Andijon shahridagi O‘zbekiston, Mustaqillik, Istiqlol, Bobur ko‘chalarining zamonaviy qiyofasi viloyatning bugungi taraqqiyoti ifodasidir.
Andijonda sanoat, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, savdo, xizmat ko‘rsatish, san’at, sport kabi sohalar izchil rivojlanmoqda. Joriy yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,5 foiz o‘sgan.
Viloyatda besh mingga yaqin sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Mahsulotlarning 95 foizdan ortig‘i avtomobilsozlik, yengil sanoat, kimyo, neft-kimyo, oziq-ovqat sanoati tarmoqlarida ishlab chiqarilmoqda.
Asaka shahridagi “Jeneral motors O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi bu borada alohida o‘ringa ega. Bu zavod mamlakatimizda yangi tarmoq – avtomobilsozlik sanoatiga asos bo‘ldi, u bilan bog‘liq infratuzilmalar, xizmat sohalari shakllandi. Zavodda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, eksport geografiyasini kengaytirish ishlari davom ettirilmoqda.
Viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. Ularning safi kengayib, tovar va xizmatlar turi ortib bormoqda. Mehnat bilan band aholining 84 foizi shu sohada faoliyat ko‘rsatib, daromad topmoqda.
Andijonliklar mirishkorligi, izlanuvchanligi bilan mashhur. Viloyat dehqonlari mamlakatimiz paxta va g‘alla xirmonining 8-9 foizini, meva-sabzavotning 11,5 foizini yetishtirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 1-noyabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli reja va maqsadlarni bayon qilgan edi.
Davlatimiz rahbari Andijonga tashrifi davomida ana shu rejalar, Harakatlar strategiyasi ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar va amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishadi.