Bugun poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2024” 26-xalqaro anjumani va 4-xalqaro energetika anjumani o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati, Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ  va  “Itesa Yexhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirlarda O‘zbekiston, Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, BAA, Xitoy kabi mamlakatlardan mahalliy va xorijlik ekspertlar, ishlab chiqaruvchilar, ishbilarmonlar qatnashmoqda.

Tadbir ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bosh operatsion direktori Abdulaziz Al-Obaidli va boshqalar mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika sanoati rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, natijalar va istiqboldagi rejalar hamda bu jarayonda  xalqaro tajribalarni almashishning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, yoqilg‘i-energetika sektori har qanday mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va farovonligining muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Energiya manbalari atrofida barcha sohalarning shakllanishiga, shaharlarning o‘sishiga va xalq farovonligiga hissa qo‘shadigan kuchli infratuzilma rivojlanmoqda.

–“Yashil o‘tish” tizimini amalga oshirish uchun ko‘p yillik sa’y-harakatlar sharoitida an’anaviy energiya manbalariga talab hali ham yuqori bo‘lib qolmoqda, – dedi Energetika vazirligi bosh mutaxassisi Dilshoda Rustamova. – Aytish joizki, O‘zbekiston rahbariyati yoqilg‘i-energetika majmuasiga mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish drayveri sifatida ustuvor ahamiyat bermoqda. Sohani tubdan yangilash va o‘zgartirish, yangi resurslarni qidirish va razvedka qilish hamda mavjud konlar fondidan samarali foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston energetika haftaligi tadbirlari jahon tajribasi va bilimlarini ilmiy-innovatsion taqqoslash, sohaning eng yangi uskunalari va texnologik yechimlarini namoyish etish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida, haftalik doirasida tomonlar o‘rtasida anglashuv memorandumi va shartnomalar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda aytib o‘tilgani kabi ushbu anjumanlar bozorning barcha ishtirokchilari, shuningdek, O‘zbekiston davlat tuzilmalari va biznes hamjamiyati vakillari o‘rtasida samarali muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bosh operatsion direktori  Abdulaziz Al-Obaidli o‘z so‘zida tomonlar o‘rtasida o‘zaro aloqalar ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

–Biz O‘zbekistonda qator loyihalarni amalga oshiryapmiz. Masalan, 2019 yilda biz quyosh fotoelektr stansiyasiga sarmoya kiritgan edik, – dedi u. – Ushbu stansiya 2021 yildan buyon faol ishlamoqda. Navoiy viloyatining Tomdi tumanida kompaniyamiz tomonidan 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ushbu stansiyaning dastlabki 100 MVt quvvati ishga tushirilgan. Bu Markaziy Osiyodagi eng yirik va birinchi stansiya hisoblanadi. Bugun o‘tkazilgan xalqaro tadbir biz uchun har jihatdan foydali bo‘ldi. Ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni bog‘lashda bu kabi anjumanlar muhim ahamiyatga ega.

Xalqaro anjumanlar doirasida qator panel sessiyalar o‘tkazilmoqda. Ularda energetika loyihalarining investitsion jozibadorligi, raqamli transformatsiya, energiya tizimlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, foydali qazilmalarni qidirish va qazib olishning yangi yo‘nalishlari, neft-gaz-kimyo majmuasini o‘zgartirish, qayta tiklanuvchi energiya integratsiyasi, ESG barqarorlik asoslari kabi mavzularda taqdimotlar bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu xalqaro anjumanlar yoqilg‘i-energetika sohasida tajriba, ilg‘or praktikalar va strategiyalar almashishni ta’minlovchi noyob biznes platformadir. Mazkur anjumanlar natijalari iqtisodiyotning ushbu muhim sektorida innovatsion yechimlar va strategik hamkorlikni shakllantirishga yordam berib, barqaror va samarali  rivojlantirishda o‘z natijasini ko‘rsatadi.

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

O‘zA