“Har gal yangi nimadir yozganingizda bir gaplarni aytdim-ov, deb o‘ylaysiz o‘zingizcha. Lekin, bari – dengizdan tomchi. Dildagisini umrning oxirigacha aytib ado qilib bo‘lmas! Muhim gapni aytish uchun avvalo, ko‘ngilda shunday gap bo‘lishi kerak”.
Fikr muallifi – yozuvchi Erkin A’zam. Nazarimda yozuvchining ushbu fikrlaridan uning ijodga katta mas’uliyat bilan yondashishi yaqqol ko‘rinib turadi. Biz ana shu ruhiyatni, shu kayfiyatni yozuvchining har bir asarida ko‘ramiz.
“Do‘rmon asiri”
Yozuvchi Shukur Xolmirzayevni zamondoshlari, tengdoshlari, shogirdlari ko‘p eslaydi. “Shukur Xolmirzayev zamondoshlari xotirasida” nomli kitob ham chop etilgan. Kitobda yuzga yaqin adiblar, ijodkorlar, fan arboblari va san’at kishilarining yozuvchi haqidagi iliq gaplari, u bilan bog‘liq voqealar bayon etilgan.
Erkin A’zam xotiralarini “Do‘rmon asiri” deb nomladi va hech kimnikiga o‘xshamagan, lekin Shukur Xolmirzayevga biroz ergashibroq (uslubi o‘xshabroq ketadi) yozdi. Sog‘inchini bildirib qo‘ydi. Xotira xulosaga o‘xshab ketadi. Menga hikoyani eslatdi. Siz asarni mutolaa qilar ekansiz, xuddi Erkin A’zamdek Shukur Xolmirzayevning yaqin kishisiga aylanasiz, unga nisbatan iliq mehrni tuyasiz, sog‘inasiz. Bunday tuyg‘uni his etish Shukur Xolmirzayevning samimiy, fidoiy inson bo‘lganligidanmi yoki Erkin A’zamning yozish uslubi va mahoratidanmikan? Shukur Xolmirzayev bundan ham ortig‘iga loyiqligini adabiyot ahli yaxshi biladi. Lekin “Do‘rmon asiri”ning yutug‘i – muallifning mahorati, betakror ijodi mahsuli. U shunchaki yozuvchini eslamadi, shunchaki u bilan zamondosh bo‘lganini aytib bermadi. U yurakdan, qalbdan ustozini sog‘indi, yod etdi. Yo‘qotishlaridan kuyundi, yutug‘idan suyundi. Nimani aytgan bo‘lsa, yurakdan aytdi, borini gapirdi. Ortiqcha pafosga, sun’iy tanqidga berilmadi. Biz o‘qiganlarimizni yozmadi, ko‘nglidan o‘tkazdi, xayolot dunyosiga cho‘kdi. Qarabsizki, xotiralar o‘z-o‘zidan qog‘ozga ko‘chib, “Do‘rmon asiri”ga aylandi. Nazarimda, xuddi shu tarzda faqat Erkin A’zam yozishi mumkin:
“Shukur aka haqidagi ba’zi xotiralarni o‘qib, rosti, kulgim keladi, «Yo‘q, yo‘q, bunaqa emas edi”, degim keladi». “Bugun lo‘ndaroq qilib bunday deyish mumkin: Shukur Xolmirzayev hayotda ham, ijodda ham o‘ziga xos noyob hodisa edi!”
Uning qarashlarida doimgidek falsafiylik, teran fikrlilik, mulohazaviylik bor:
“O‘zbek bo‘lib tug‘ilish mumkin, ammo rostakamiga o‘zbek bo‘lib yashamoq oson ish emas”.
U yozuvchi haqida emas, yozuvchining qalbi haqida yozadi, borini aytadi va o‘z qalbini ham ochib qo‘yadi:
“Shukur akaning nazarida, hayotda eng qudratli mohiyat – adabiyot, jamiyatdagi eng zo‘r odam – yozuvchi edi. Adabiyotga g‘ayrioddiy bir qizg‘anish bilan qarar, uni baayni norasmiy mulkidek ko‘rar, unga da’vogarlarga munosabatda ham goho o‘ta murosasiz edi”.
Quruq so‘zamollikdan, so‘z o‘yinidan qochadi. O‘xshatishlarning naqdini topadi:
“Yozganlarini hech kim o‘qimasligi”ga, o‘n-o‘n besh yillardan beri bironta ham kitobi chop etilmaganiga qaramay, Shukur aka bolaligida yaxshi ko‘rgan qahramoni Robinzon Kruzo misol, kimsasiz Do‘rmon bog‘ida o‘tirib, qissayu hikoyalarini yozaveradi. …nasr maydonida Shukur aka rostdan ham Robinzon Kruzoga o‘xshab yolg‘izlanibroq qolgan edi”.
Yozuvchi o‘ylarini shunday xulosalaydi:
«Xotiranoma yozish shavqiga berilib, bu dunyoda bitgan har bir so‘zingizga javob bermoq azobi bor! Qo‘rqiblar ketasiz, o‘tirik gaplar to‘qigan qalamni o‘shanda sindirib tashlamaganingizga pushaymonlar qilasiz. Ana shunisidan saqlasin!
Uyat, xijolatlilik degan gaplar faqat bu dunyoning matohi emasdir…»
“Xotira” jurnalistik janr, lekin biz yuqorida aytib o‘tganimiz hikoyadek o‘qiladi. Tili toza, yozuvchi so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llaydi, so‘z tanlashda adashmaydi, so‘z isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymaydi. Kinoyaviylik, aniqlik, lo‘ndalikka e’tibor qaratadi. Rost gapirishni yaxshi ko‘radi. Qisqa, lekin soz yozadi. Biz e’tiboringizni boshqa unsurlarga emas, yozish uslubiga qaratdik.
“Meni yozibdi”
Endi adibning yana bir maqolasi haqida…
“Akademik Qo‘shjonovning «Ustoz”i kim, bilasizmi? O‘ylanib qoldingiz… mayli, unda siz “Shu odam o‘zgarmadi”; “Ha o‘sha-o‘sha, ..aka! Adabiyotu matbuotning chin fidoyisi. Kitob jinnisi, yosh ijodkorlarga otadek g‘amxo‘r. Goho birov yarmidan daho yasamoqqa ham kirishib ketadi. Bu borada bir-ikki sira murodiga yetdi ham”; “Hammaga laqab qo‘yib chiqqan: kimdir ”Shukshin“, yana kimdir ”Aytmatov“. ”Ha, Shukshinim, deb boshlaydi ko‘rganda“; ”Biron bir adabiy hodisa bu odamni chetlab o‘tmagan, desak mubolag‘a bo‘lmas. Biriga muharrirlik qilgan, biriga murabbiylik, yana biriga taqriz yozgan yoki kuyib-pishib fikr bildirgan, taklif aytgan. Matyoqub Qo‘shjonovdek alloma bekorga uni “ustozim” deb atamasdi. Bu lutfda hazildan boshqa bir ma’no ham bor edi” kabi ta’riflarga e’tibor qiling: (Adashmadingiz, siz tanigan, bilgan) tahrir san’ati ustasi, tahrir maktabi asoschilaridan biri bu o‘sha – Mahmud Sa’diy.
O‘xshatishlar, iboralar, fikrlar o‘z o‘rnida qo‘llanganki, bunisi noto‘g‘ri yoki bunisi sal to‘qimaroq deya olmaysiz. Har bir gap o‘z o‘rnida, o‘z vaqtida qo‘llangan. Hech biri bo‘rttirilgan yoki yolg‘on emas. Xo‘sh endi bu fikrlar muallifi kim ekan-a? Kim aytdi ekan bu gaplarni, ochiq-oydin. Na bir iltifotsiz, na bir qo‘shib-chatishlarsiz, nima bo‘lsa, faqat borini. Uslubning ravonligi, boshqalarga o‘xshamasligi sizga kimnidir eslatdimi? Bu inson Mahmud Sa’diy desa, o‘ttiz yillar burun mashhur “Guliston” jurnalida birga ishlagan davrlari yodga tushadigan Erkin A’zam. Uning xotirasida gavdalanadi: “Aksariyat kechki palla, to‘rt kishi bemalol aylanolmaydigan torgina xona, tepasida hali hech kimga notanish bir to‘p havaskor qalamkash, Mahmud aka o‘tirib olib adabiy ”likbez“ o‘tkazayapti. Ustozning dangal-dangal hukmlaridan yoshlar hangu mang: adabiyotda allaqachon nom qozonib ulgurgan falon-falon arboblar, aslida yozuvchi-pozuvchi emas ekan-ku, qarang-a!”
Erkin A’zam, o‘zi aytganidek, qisqalikni yaxshi ko‘radi. Qisqa, lekin soz yozadi. O‘ziga xos uslubga ega desak, noto‘g‘ri bo‘lmaydi. To‘qima obrazlardan ko‘ra, real narsani yozishni odat qilgan. Bu esa o‘quvchining unga bo‘lgan ishonchini, qiziqishini yanada oshiradi. Haqiqatni aytishda kesatiq, biroz yumor, hazil va achchiq gaplardan ham foydalanadi. Bu ham uning yutug‘i. “Bizning ham iyagimizga otasoqol bitganiga ko‘p zamon bo‘ldi, biroq, Mahmud aka hammamizni, biz tengi barchani birday sensirab gapiradi – yaqin oladi-da”.
Erkin A’zam hayotni kuzatadi, inson ruhiyatini sinchkovlik bilan o‘rganadi, shuning uchun ham uning yozganlarini o‘qib bexosdan “O‘h, topibdi”, “Meni yozibdi” deb o‘ylaysiz. Voqea-hodisaga, nimagadir yoki kimgadir munosabatda, albatta o‘z fikriga ega va bu yozganlarida ham ko‘rinib turadi: “Hali-hanuz har uchrashganda bezor qilib, allaqaylar uchun hikoya yozib berishni qistaydi. Adabiyot, adabiy jarayon, deganlari qiziq, sirli jumboq. Gohida yostiqdek-yostiqdek kitob yozgan mulalliflarning nomi hademay unutilib ketadi. Shu jarayonga faol aralashgan, biron ijodkor yoki asarning ro‘yobga chiqishida jonkuyarlik qilgan kishilar esa ko‘p zamonlar eslab yuriladi. Mahmud Sa’diy keyingi qirq-ellik yillik adabiyotimizning, adabiy jarayonning jonli guvohi, jo‘shqin ishtirokchisi”.
Erkin A’zam uslubi o‘ziga xos noodatiy, noan’anaviy. U o‘quvchini zeriktirishni, me’dasiga tegishni, vaqtini olishni istamaydi. Gapning indallosini aytadi-qo‘yadi. Biz tahlil qilayotgan asarni “Shu odam o‘zgarmadi” deya mulohazadan boshlagan edik. “Nasib etsa, Mahmud aka sakson yoshga kirganida ham men u kishi haqida yozarman. Lekin aminmanki, mana shu yozilganlardan biror so‘z o‘zgarmasa kerak” degan tilak bilan tugallaydi.
“Muharrir ko‘zi”
Erkin A’zamning muharrirlik faoliyati bevosita “Tafakkur” jurnali bilan bog‘liq. Mana salkam chorak asr davomida ushbu jurnalda bosh muharrir lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Bir suhbatda ijodkor “Tafakkur” hayotining ajralmas qismiga aylanib qolganiyu, umrining asosiy qismi u bilan kechganini aytib o‘tgan edi. Ijodkor “Jurnaldan hech qachon ko‘nglim to‘lmagan. Kamchiliklar ko‘p, lekin kamchiligiyam o‘zimniki. ”Tafakkur“ o‘zimning bolam” – degan edi.
Universitetning so‘ngi bosqichida o‘qib yurgan kezlarim (2011 yilning aprel oyida) ustozim bilan “Tafakkur” tahririyatiga borganim kechagidek esimda. Bizni u yerda ochiq chehra bilan jurnal xodimlari va muharrir Erkin A’zam kutib oldi. Unchalik katta bo‘lmagan, lekin iliq bir mehr, o‘zgacha fayz bor ushbu dargohda muharrir suhbatidan bahramand bo‘ldik. Bir piyola choy ustida kechgan suhbatimiz asosan adabiyot, ijod, adabiy jarayondagi yangiliklar xususida edi. Mavzudan chekingan holda ijodkorning muharrirlik faoliyati bilan ham qiziqdik.
Ochig‘i, ustozim yozuvchi bilan uchrashtiraman deganida menda qo‘rquv aralash hayajon bor edi. Shu sababdanmi, uchrashuv belgilangan birinchi kunni yolg‘on bahonalarim sabab bekor qildik. Shogirdlariga hech ham qattiq gapirmagan, bir so‘zli, bugungi ishni ertaga qo‘ymaydigan Mahmud Sa’diyning bu holdan jahli chiqqanini sezdim. Domlamni xijolatga qo‘yib, ertasi kuni “Tafakkur”ga yo‘l oldik.
Xayriyatki, muharrir kechagi uchrashuv bekor bo‘lganini eslamadi ham, hatto gap orasida qistirib ham o‘tmadi. Ijodkorning yana muhim uchrashuvlari borligini kotiba qizning so‘zlaridan bilish mumkin edi. Men esa shunday dilkash, insonlarning suhbatidan mamnun edim. Suhbat so‘ngida ijodkordan “Tafakkur”ning konsepsiyasi, umuman jurnal haqida batafsilroq gapirib berishini so‘radik. Muharrir go‘yo farzandi, jonli bir narsa haqida so‘zlagandek, gapida davom etdi. Jurnalni tashkil etish paytlarini esladi. Uning aytishicha, “Tafakkur” asosan yoshlarga qaratilgan, ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy, rangli bezakli jurnal. Jurnal tashkil etish to‘g‘risida buyruq bor lekin, u qaysi yo‘nilishda, qay ko‘rinishda bo‘ladi, bu noma’lum. Shunda Erkin A’zam jahonning yetakchi jurnallarini, o‘zimizning milliy matbuotimiz sahifalarini o‘rganishga kirishib ketadi, jurnalning ko‘rinishi, bichimi, xullas u o‘z o‘quvchisini topishi uchun nima qilish kerakligi to‘g‘risida bosh qotiradi, izlanadi, yeladi-yuguradi. Natijada jurnal ilm ahli va ziyolilar o‘rtasida katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Uzoq yilar ushbu jurnalning har bir soni chiqishiga bosh-qosh bo‘lib kelayotgan, unda beriladigan barcha materiallarni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirib, o‘quvchilarga taqdim etayotgan muharrir ilk sahifa orqali o‘z so‘zini ham aytib kelmoqda. Muharrir jurnal sahifalarini yangilab turish va o‘qishli bo‘lishi kerakligini o‘ylardi, lekin qanday qilib? Shu xayolda yurgan kezlari bir ijodkor do‘sti – Farhod Hamroyevning gapi unga turtki, bahona bo‘ldi. 2001-2010 yillar mobaynida ilk sahifada muharrirning qisqa, lekin ma’nodor, zamonning dolzarb masalalari, ijodkorning o‘ylari, fikr-mulohazalari chop etilib kelindi. Dolzarb, sermazmun, mulohazali, shov-shuvga sabab bo‘ladigan maqolalar o‘z samarasini bermay qolmadi. Ayniqsa, uning ilk sonlari adabiyot, ahli ilm uchun katta yangilik, unutilmas voqea edi.
Muharrirlik faoliyati o‘ta mas’uliyatli: kuchli bilim, malaka, sinchkovlik, bag‘rikenglik talab qiladi. Har bir soha bo‘yicha mustahkam bilimga ega bo‘lish juda ham qiyin. Ammo muharrir ushbu bilimlar bo‘yicha hech bo‘lmaganda tasavvurga ega bo‘lishi kerak. U o‘z nashrida beriladigan har bir material uchun mas’ul. Shu sababdanmi, Erkin A’zam “muharrir ko‘zi” bo‘lishi kerak, shunda o‘quvchilar oldida xijolatga qolmay, ular ishonchini oqlash mumkin deb hisoblaydi.
Uzoq yillar ana shu mas’uliyatni his etib, astoydil faoliyat olib borayotgan Erkin A’zam bosh muharrirligidagi “Tafakkur” tahririyati jamoasi mehnati e’tirof etildi. Jurnal sahifalarida chop etilgan istiqlol yillarida mamlakatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida yuz bergan ulkan yangilanishlarni jamoatchilikka keng targ‘ib etgan turkum materiallar uchun joriy yil jurnalistika sohasida beriladigan “Oltin qalam” XII Milliy mukofoti xalqaro tanlovida Jurnalistika sohasida Bosh milliy mukofot berildi.
“Fiqra”mi yoki “iqra?”
Erkin A’zam “Tafakkur” jurnalining har bir sonida bosh maqola sifatida fiqra (arabcha “parcha”, “bo‘lak” degan ma’noni bildiradi. Jurnalistlar jurnalistik janr desa, adabiyotchilar adabiy janr sifatida qarashadi)lar berib boradi. “Sharq” nashriyotida muallifning “Jannat o‘zi qaydadir?” kitobi chop etilgan. Uning asosiy qismini publitsistik fiqralar tashkil qiladi. Annotatsiyada berilgan “fiqra” so‘zi ba’zi anglashilmovchiliklar sababli “iqra” tarzida yozilgan. Muallifning aytishicha, u avval yozganlarini fiqra deb taqdim etmoqchi bo‘lgan. Hali bu janr ko‘pchilikka notanish bo‘lgani uchun “publitsistik miniatyuralar” nomi bilan e’lon qilgan.
Erkin A’zam fiqralari dastlab anchayin “yengil” bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin: shunchaki jurnalning bosh maqolasiday rasmiyroq bo‘lgan. Oxirgi fiqralari esa tezda ko‘plab o‘quvchilarning e’tiborini tortdi, mehrini qozondi. Chunki ularda fiqraga xos bo‘lgan dolzarblik, siqiqlik, dadillik va biroz kinoyaviy yondashuv bor edi. “Yalash boshqa, siylash boshqa”, “-Ov”, “-ov”.., “-vich”, “-vich”.., “Hoziriylar” kabi bir qancha fiqralari o‘quvchilar e’tiboriga tushdi. Hatto ularni nima deb atash muammoga aylandi. Maqola desa, maqola emas. Hajviyaga ham o‘xshamaydi…
Adib fiqralari kapalak umriga mengzanmaydi, aksincha, badiiylik va falsafiylikka yo‘g‘rilgani uchun umri uzoq. Fiqra uchun eng keraklisi so‘z erkinligidir. Chunki janr xususiyati dolzarblikni, original yondashuv va biroz kinoyaviy munosabatni talab qiladi. Erkin A’zam fiqralarida xuddi shu jihatlarni uchratish mumkin. Ijodkor qalamga olgan mavzular o‘zining dolzarbligi, hayotiyligi bilan ajralib turadi. Ko‘tarilgan har bir masala yozuvchining shaxsiy kuzatuvlari, hayotiy tajribasidan kelib chiqqan bo‘lib, ular o‘quvchini beixtiyor o‘ylashga, mulohaza qilishga undaydi. Shunisi ahamiyatliki, ularning aksariyati tanqidiy fikrlardan iborat. Xususan, “Boy bo‘lay desangiz”, “Uyat bo‘ladi”, “San’at kimniki?”, “O‘zingiz ham o‘qiganmisiz?”, “Andishasiz andishalar” sarlavhali fiqralarda ko‘tarilgan muammolar g‘oyat dolzarbdir.
Adibning “-Ov”, “-ov”… “-vich”, “-vich”…“ nomli fiqrasida tilga olingan mavzu barchani birdek o‘ylantirishi tabiiy. Zero yozuvchining o‘zi ta’kidlaginidek: ”…Asar qahramonlari – mana shu tevaragimizdagi odamlar, sizu biz, lo‘ndaroq aytsak – zamondoshlarimiz. Ularning orasida yaxshisi ham bor, yomoni ham. Darvoqe o‘zimiz shunday emasmi? Begunoh farishta bo‘lganimizda osmonlarda parvoz qilib yurarmidik…”
Yuqorida ustoz bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘lganimni aytdim. U kishiga: Erkin A’zam asarlarining ko‘ngilga yaqinligi, xalqchilligi nimada? Ayniqsa “Suv yoqalab…” asari. Siz ushbu voqealarni aynan bo‘lmasa-da, boshdan kechirgansiz yoki kuzatgansiz, to‘g‘rimi, degan savolni bergan edim.
– Menga shunday yuqori baho berar ekansiz… – deya javob bergandi, yozuvchi.
– Mana qishloqdan chiqib ketganimga ham 40 yildan oshdi, lekin Boysunning shudringini, suv boylashga borganlarimni esdan chiqarmaganman. Aytmatovning “insonni bolalik yozuvchi qiladi” degan gapi bor. Voqealarning hammasini aynan boshimdan kechirmaganman, albatta. Bunda ko‘p ramziy gaplar bor… Kinofilmda hammasi ham ochib berilmagan.
Yana shu o‘rinda yozuvchi bilan bir qancha mavzularda bo‘lib o‘tgan suhbatlar xotiramda muhrlanib qolgan. Ayniqsa, onasi, “akademik enasi” haqidagi mehrli gurunglarini eslasam hamon to‘lqinlanib ketaman.
“Jannat o‘zi qaydadir?”
Insonning xayolot dunyosi keng. Osmonlarda parvoz etishi, dengizlarda suzib yurishi mumkin. Lekin real narsani xayol surmoq, orzu qilmoq, jamiyatdagi illatlar xususida bosh qotirmoq maqsadga muvofiq. Yozuvchi Erkin A’zamning “Jahon keng”, “Vatan qanday yuksaladi” kabi fiqralari mudroq xayollaringizni uyg‘otib yuboradi. Nima maqsadda yashayapsizu nima qilishni unutdingiz yoki qay darajada haddan oshib ketganingiz xususida bosh qotirishga undaydi. Insonga xos fazilatlar, uning kamchiliklari, jamiyatdagi illatlar, boshqalar ilg‘amaydigan, lekin juda ham ahamiyatli jihatlar mahorat bilan qalamga olingan.
“San’at kimniki”“ nomli fiqrasida ”…San’at deganlari xalqni ergashtirishi, oldinda yurishi kerakmi yoki mayda mayllarning dastyori bo‘lishi kerakmi? Boz ustiga, o‘zi uchun asar yozadigan, o‘zi uchun kino oladiganlar toifasi chiqib qoldi“, deya bu jarayonga ham befarq emasligini allaqachonlar bildirib qo‘ygan edi. Kuyunadi, yechim topishga urinadi: ”Bizningcha, ma’naviyat va ma’rifatni shior qilgan jamiyatda bevosita nafsu manfaat bilan baholanmaydigan sohalarga ham o‘rin qolishi lozim”, deydi.
Yana bir fiqrasida: “Mehr-muruvvat ko‘z-ko‘z etilsa, minnatga aylanadi, minnatning esa toshi og‘ir, u gunoh, kufr hisobida”, deya o‘quvchiga eslatib qo‘yadi.
Erkin A’zam fiqralarining mavzu ko‘lami keng. Unda insoniy munosabatlar, axloq-odob, bugungi ijtimoiy ahvol, o‘zbek mentaliteti kabilar yoritiladi. Ijodkor bugungi kundagi va yillar o‘tsa-da, hamon yashab kelayotgan illatlarni qalamga oladi. “Shukru qanoat” fiqrasida “…shukru qanoat yo‘qolib borayapti, shu hisni boy berdik. Qanoatni bilmagan insonda halovat bo‘lmaydi”, deya fikrini bildiradi. “Iskandar bu dunyodan nega qo‘li ochiq ketibdi?” savoli bilan murojaat etadi va o‘quvchini o‘ylashga majbur qiladi.
Ijodkor fiqralarida vatanparvarlik, yurtga sadoqat, burch, insonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabat, insoniy fazilatlar, shukronalik tuyg‘ulari, o‘zbekona qadriyatlar mahorat bilan qalamga olinadiki, o‘quvchi o‘ziga kerakli bo‘lgan xulosani chiqaradi. Eng muhimi, Erkin A’zam fiqralarida bugungi kun odamlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabat, ularning ichki kechinmalari, tashvishlari, orzu-o‘ylari, salbiy xarakterlari haqida fikr yuritiladi. Fiqralarni o‘qir ekansiz, chuqur o‘yga tolasiz, yashashdan maqsad nima ekanligi, to‘g‘risida bosh qotirasiz. Natijada o‘zingiz uchun kerakli xulosani chiqarasiz. Ko‘nglingiz muayyan darajada taskin topadi.
“Shovqin” va “Ertalabki xayollar”
Ushbu nomning o‘ziyoq kitobni qo‘lga olishga, unga bir ko‘z yugurtirishga undaydi. Bunday paytda esa yozuvchining so‘z (sarlavha) tanlash mahoratiga tan bermasdan iloj yo‘q. “Shovqin” – O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi Erkin A’zamning ayni kerakli paytda yozilgan asarlaridan biri. Orangizda kitobni o‘qimaganlar bordir, ehtimol. Unda keling, asar haqida va ijodkorning publitsistik maqolalari jamlangan “Ertalabki xayollar”i hamda ssenariylari to‘plangan kitoblari haqida fikrlarimizni sal keyinroq o‘rtoqlashamiz…

 

Mohigul Qosimova, O‘zA