Donishmand xalqimizda avval iqtisod degan purma’no naql bor. Shu ma’noda, odamlar turmushiga kirib kelgan har qanday iqtisodiy voqea, o‘zgarish, yangiliklar jurnalist ongu shuurida, taftish va tahlil tegirmonida betinim aylanib turishi tabiiy va zarur. Ayniqsa, har nafasda sodir bo‘ladigan iqtisodiy yangilanishlar, o‘sish, yuksalishlar zamon qalamkashining o‘tkir nigohidan bir soniya ham chetda qolishi mumkin emas.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli publitsist Ikrom O‘tbosarov qariyb qirq yilga yaqindirki ayni shu sohada muvaffaqiyat bilan qalam tebratib keladi. Adibning bu boradagi uzoq yillar to‘plagan tajribalari “Vatanda safar qil…” kitobiga jam bo‘ldi.
Publitsistik, jurnalistik tadqiqot, tahlil va tanqid, muloqot va uchrashuvlar jamlanmasidan tuzilgan ushbu to‘plamni o‘qigan kitobxon bu kunlar yengil va osonlik bilan kelmaganini, qanday mashaqqatli va katta yo‘llar bosib o‘tilganini, bu yorug‘ kunlar ortidagi qanchadan qancha mehnat va fidoiyliklarni yurak-yurakdan his etadi, iqror bo‘ladi. Kitobdagi sodda va ravon tilda, o‘quvchiga tushunarli qilib yozilgan tahliliy maqolalar, mamlakatimiz iqtisodiy hayotining turli jabhalarida matonat va fidokorlik bilan xizmat qilgan zamondosh yurtdoshlarimiz haqidagi ocherk va lavhalar, korrespondensiyalar nafaqat kitobxon uchun, bugungi yetishib kelayotgan yosh qalamkashlar uchun ham muhim qo‘llanma bo‘lishi shubhasiz.
Kitobdagi “Muzrabotlik Salom fermer”, “O‘zbek fermeri amerikalik bilan bellashdi”, “O‘zbekiston 28 avtomobilsozlik mamlakati”, “Orolbo‘yida turfa chechaklar ochildi” va shu kabi o‘nlab maqola va ocherklar o‘quvchiga nafaqat qiziqarli, aniq va muhim ma’lumotlar, shu yurt, shu millatga daxldorlik baxtidan iftixor hissini ham baxsh etadiki, bu yog‘du bizni bir umr tark etmaydi.
Ozoda Bekmurodova, O‘zA