O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy anjuman o‘tkazildi.

“Maxtumquli Firog‘iy – o‘zbek va turkman xalqlarining umumiy merosi” mavzusidagi ushbu xalqaro ilmiy-amaliy anjuman O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Turkmanistonning mamlakatimizdagi elchixonasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Turkman madaniyat markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Anjumanda qardosh xalqning YUNESKO ishlari bo‘yicha Turkmaniston Milliy komissiyasi mas’ul kotibi, Turkmaniston Qahramoni Chinor  Rustemova rahbarligidagi delegatsiya qatnashdi.

Anjuman ishtirokchilari dastlab Toshkent shahridagi Maxtumquli Firog‘iy va Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydilar.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shodurdi Meredov, YUNESKO ishlari bo‘yicha Turkmaniston Milliy komissiyasi mas’ul kotibi, Turkmaniston Qahramoni Chinor Rustemova, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, atoqli adabiyotshunos olim Bahodir Karimov va boshqalar Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligi keng nishonlanishi ikki qardosh xalqning adabiyoti, san’ati va madaniyatidagi uyg‘unlikdan darak berishini ta’kidladi.

–Maxtumquli bobo bizga begona emas, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Turkiy xalqlarning ijodkorlari hamzabon, hamnafasdir. Jaholatga qarshi ma’rifat, deganda, Maxtumqulining  betakror ijodi ham ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qarori asosida shoir tavalludining 300-yilligi yurtimizda keng nishonlanishi Maxtumquli ijodiga bo‘lgan e’tiborning amaliy natijasi. Yoshlarni yuksak ma’naviyat sohibi etib tarbiyalashda Maxtumquli ijodining ahamiyati beqiyosdir.

–Bizning tariximiz, madaniyatimiz, an’analarimiz mushtarakdir, – dedi Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shodurdi Meredov. – Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligi keng nishonlanishi O‘zbekistonda ulug‘ alloma shoir ijodiga bo‘lgan cheksiz ehtiromning yorqin namunasidir. Demakki, Maxtumquli o‘zbek xalqining ham farzandi.

– Buyuk shoir Maxtumquli tavalludining 300-yilligi O‘zbekistonda yuksak saviyada nishonlanayotganini e’tirof etamiz, – dedi YUNESKO ishlari bo‘yicha Turkmaniston Milliy komissiyasi mas’ul kotibi, Turkmaniston Qahramoni Chinor Rustemova. – Ushbu konferensiya Maxtumquli ijodini o‘rganishda katta ijodiy maydondir. Uning 300-yilligi YUNESKO shafeligida ham keng nishonlanmoqda. Bu diyorda Maxtumquli ijodiga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatni his etdik. Shoir o‘zbek xalqining ham yuragidan joy olganiga guvoh bo‘ldik. Shoir qo‘lyozmalari YUNESKOning  Butunjahon merosidan o‘rin olgani uning ijodiga xalqaro miqyosdagi e’tibor, ehtiromning yana bir yorqin dalilidir. Shoirning ulkan ijodini o‘rganish, targ‘ib etish uchun bir anjuman yoki forum kifoya qilmaydi. Demakki, uning ijodini o‘rganish hali davom etadi.

Darhaqiqat, Maxtumquli Firog‘iy ijodi nasihat, ezgu yo‘l-yo‘riq, yaxshilikka da’vat ruhi bilan yo‘g‘rilgan. Unda pokiza, samimiy insoniy tuyg‘ular tarannumi ustuvor.

Mamlakatimizda shoir ijodini o‘rganish, yoshlarga keng targ‘ib etish masalasiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Shoirning ijod namunalari jamlangan kitoblar qayta-qayta nashr etilmoqda, xalqimiz tomonidan sevib mutolaa qilinmoqda. Shoir ijodi dilbar qo‘shiqlar bo‘lib qalbimizdan o‘rin olgani diqqatga sazovor.

Xalqaro konferensiyada Maxtumquli Firog‘iy ijodining betakrorligi, o‘ziga xos jihatlari xususida batafsil so‘z yuritildi.

 

Nazokat Usmonova,  

Rustam Nazarmatov (surat),  

O‘zA