Zamonaviy texnologiyalar inson hayotining ajralmas qismiga aylanayotgan davrda internetning rivojlanishi axborot olish va uzatish madaniyatini tubdan o‘zgartirdi. Bu esa media sohasida yangicha yo‘nalishlar paydo bo‘lishiga zamin yaratdi.

Onlayn media rivojlangan har qanday jamiyat o‘z oldiga mediaga oid bir qator muammolar va ularning yechimlarni ilmiy jihatdan o‘rganib, uni amaliyotda tatbiq etishi muhim sanaladi.

Darhaqiqat, onlayn medianing tezkorligi, auditoriyasining ko‘pligi va ta’sir doirasining kengligi an’anaviy mediani ortda qoldirmoqda.

Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida «Onlayn media taraqqiyoti tendensiyalari: muammo va yechimlar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Universitetning Internet jurnalistika va media-menejment fakulteti tomonidan oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan mazkur konferensiyada ishtirok etgan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov o‘z ma’ruzasida internetning jamiyatda tutgan o‘rni, uning ommaga ta’siri, axborotdan to‘g‘ri foydalanish usullari haqida O‘zA misolida fikrlarini bildirdi.

Konferensiyada global tarmoqlarning rivojlanish bosqichlari va yangicha yo‘nalishlari xususida so‘z yuritgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja onlayn media taraqqiyoti tendensiyalari, muammo va yechimlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari jurnalistlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda respublikamizdagi sohaga oid boshqa oliygohlar professor-o‘qituvchilari ishtirok etgan tadbirda onlayn medianing rivojlanish tendensiyalari atroflicha muhokama qilindi, shuningdek, ishtirokchilar tomonidan taklif-tavsiyalar berildi.

Marhabo Madaminova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA