Havodagi xavfli mayda PM 2,5 zarralari inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu xavfli zarra insonlarning nafaqat nafas olish tizimiga, balki yurak qon tomirlardagi xastaliklarga ham sabab bo‘ladi.

Bu ma’lumotlar amerikalik professor Jey Tyorner bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tildi.

Kuni kecha AQSHning Toshkentdagi elchixonasida Sent-Luisdagi Vashington universitetining ta’lim bo‘yicha dekan o‘rinbosari hamda Jeyms Makkelvi nomidagi muhandislik bo‘limi professori Jey Tyorner jurnalistlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

J.Tyorner Garvard universiteti ilmiy xodimi bo‘lib, AQSH atrof-muhitni muhofaza qilish agentligining ilmiy maslahat kengashi a’zosidir.

Uchrashuvni AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik ochib, havo tozaligi barcha davlatlar uchun juda muhimligi, insonlar salomatligiga aloqador masala ekanligini ta’kiladi.

Atrof muhit va havo musaffoligini ta’minlashda faqatgina hukumatlar emas, barcha fuqarolar va jamoat birlashmalari mas’uliyatni oshirishi lozim. So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda ayni mavzuda keng muhokamalar va targ‘ibot  ishlari olib borilmoqda. Bu bir kun kelib samarali natijasini beradi.

Professor J.Tyornerning qayd etishicha, havo ifloslanishining asosiy sabablari tabiiy va antropogen, jumladan, inson faoliyati natijasida atmosferaga chiqadigan chang zarralari va zararli moddalardir. Havo ifloslanishi darajasini aniqlash doimo shaffof bo‘lishi kerak.

Atmosfera havosida tarqalgan PM 2,5  zarralarining yuqori konsentratsiyasi inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi. Bu esa inson umrini qisqartiradi. Qolaversa, havodagi yana bir xavfli zarra PM 1 kichikroq bo‘lsada, insonning ichki organlarida to‘planib, jiddiy kasalliklarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun har bir davlat avvalo, o‘z aholisi salomatligi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishi kerak.

2018-yilda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi hududida havo sifatini o‘lchaydigan maxsus apparat o‘rnatildi. Bu orqali tahlillar har kuni olib boriladi. Ushbu monitoring tizimi har 53 daqiqada yangi baholash natijalarini chiqaradi. Uskunalar bevosita Vashington serverlariga ulangan va inson omilisiz natijalarni  aniqlaydi. Bunday moslamalar AQSHning deyarli barcha mamlakatlardagi elchixonalari hududida o‘rnatilgan.

Olim J.Tyorner Toshkent havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, poytaxtdagi havoni ifloslantiruvchi asosiy manbalar tabiatan antropogendir. Afsuski, olimlar hali bu muammoni to‘liq tushuna olishmagan. O‘zbekiston Ekologiya vazirligi bu masalani birinchi o‘ringa qo‘yishi va havo ifloslanishining turli manbalari ta’sirini miqdoriy baholash ustida ish olib borishi kerak.

-Shu o‘rinda e’tirof etish kerak, O‘zbekistonda havo tozaligini o‘lchaydigan monitorlar ko‘paytirildi. Nafaqat Toshkentda, balki boshqa shaharlarda ham bunday moslamalarning o‘rnatilganligi ijobiy holatdir. Bu yo‘nalishdagi muammolar yechimida haqiqiy fan, ilmga tayanib, shunga asoslangan qarorlarni qabul qilish juda muhim. OAV vakillari va fuqarolik jamiyati institutlari bu masalalarni hal etishda muhim rol o‘ynaydi, – deya qo‘shimcha qildi olim.

Professor Toshkent havosi nima uchun aksariyat qish oylarida ifloslanib ketishi haqidagi savolga shunday javob qaytardi:

-Toshkentda qishda havo sifati yomonroq va yozda tozaroq ko‘rinadi. Chunki qishda havo bir joyda uzoq vaqt turib qoladi, ya’ni “turg‘unlashadi” va chiqindilar atmosferada ko‘proq vaqt qolib ketadi. Bu bosim bilan bog‘liq. Shuni aytib o‘tish kerak, O‘zbekistonda cho‘l changi bor, bu ayniqsa yoz va kuzning boshlarida seziladi. Ammo ushbu chang umumiy PM 2,5 ning 25-35 foizini tashkil qiladi. Demak, havo ifloslanishida antropogen omillar ustunlik qiladi.

Olimning aytishicha, AQSH turli geografik manbalarga ega davlat. Mamlakatning turli shaharlarida havoning ifloslanish sabablarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish aniq strategiyalarni ishlab chiqishga yordam bergan. Shundan kelib chiqib, havo sifatini hisobga olgan holda, milliy standartlar o‘rnatilgan. Natijada, mamlakatning turli hududlarida muammoni hal qilishda turlicha yondashuvlar paydo bo‘ldi. Xususan, milliy talablardan biri barcha yangi avtomobillar uchun ma’lum darajadagi tozalikni ta’minlash zarurati edi.

Suhbat davomida olim atmosfera havosining ifloslanishi bo‘yicha ochiq ma’lumotlarning muhimligini alohida ta’kidladi. Uchrashuv so‘ngida elchixona xududida o‘rnatilgan  havo sifati sensorining ishlash jarayoni jurnalistlarga tanishtirildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA